Prezident yoshlar bilan muloqot qildi

Prezident yoshlar bilan muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyun kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish avvalida ishlar samaradorligi ko‘rib chiqildi. Oxirgi yetti yilda yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyozlar berilgani qayd etildi.

Birgina ta’lim kreditidan 151 ming yoshlar foydalangan. Ehtiyojmand oiladan bo‘lgan yana 110 ming talabaning shartnoma to‘lovi to‘lab berilgan.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali AQSh va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlarini 50 nafar yigit-qiz bitirdi. Bugungi kunda ularda o‘qiyotgan vatandoshlarimiz 200 dan oshdi. Umuman, 110 ming yoshlarimiz xorijda tahsil olayapti.

Prezident maktabining baholash tizimi 500 ta maktabda joriy qilinishi natijasida bir yilning o‘zida bilimlarni o‘zlashtirish 53 foizdan 60 foizga oshdi. Bu tizim yangi o‘quv yilidan yana mingta maktabda joriy qilinadi.

Bu yil maktablarni 14 mingdan ziyod o‘quvchi oltin va kumush medallar bilan bitirdi. “Katta beshlik” fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan medallar oxirgi to‘rt yilda 2 karra ko‘paydi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida berilgan kredit evaziga 1 million yosh band bo‘ldi. 205 ta “Yoshlar sanoat zonasi”da 1 ming 200 ta loyiha ishga tushirildi. Hozirda biznesdagi aylanma mablag‘ini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yosh tadbirkor bor.

Davlatimiz rahbari yoshlarda bilim va yangi g‘oyalar ko‘pligi, ularga sharoitlar yanada kengaytirilishini ta’kidladi. Jumladan, ular quyidagilar:

Mamlakatimiz jadal rivojlanishi uchun “to‘rtinchi sanoat” kasblari juda muhim. Shu maqsadda yoshlarning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim bo‘ladi. Oliy o‘quv yurtlari qoshidagi jami 73 ta akademik liseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-Level” dasturi joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

“SAT” testida 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar mamlakatimiz universitetlariga ham grantga qabul qilinadi.

Nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tili bo‘yicha milliy sertifikat olishda kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi.

Yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarning nazariy qismida har doim yuqori natijalarga erishsa-da, laboratoriya mashqlarini bajarishda pastroq ball olayapti. Shu bois endi Prezident maktablari agentligi qoshida Olimpiadalarga tayyorlash markazi ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘radi. Buning uchun har bir fan bo‘yicha malakali olim va xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.

Oliy ta’limning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashadi. Texnikumni yaxshi o‘qigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi. Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursdan o‘qishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan kontrakt asosida oliy ta’limga qabul qilinadi.

Endi oliy o‘quv yurti, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi. Bunday ilmiy markazlar Toshkent texnika, Samarqand va Urganch davlat universitetlarida ham tashkil qilinadi. Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar 50 mingdan oshdi. Qo‘shilgan qiymat yaratib, xizmatlarni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun katta imkoniyatlar ochib beriladi.

Xususan, 1 avgustdan boshlab, bu sohada o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT-park rezidenti maqomi beriladi. Ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. IT-park tomonidan ularga tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun “ijtimoiy karta” beriladi.

Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligi tizimiga o‘tkaziladi. Loyihaning tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonda ko‘maklashiladi. 14 ta tuman tanlab olinib, “to‘rtinchi sanoat” kasblariga o‘qitish markazi ochiladi.

Jamg‘arma tomonidan hududlardagi Yoshlar sanoat zonalarida binolar qurilib, “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Bunda birinchi yili to‘lov undirilmaydi.

Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinib, ularga IT-park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Bu joylar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi. Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning “startaplari”ga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi.

Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda dastlabki 6 oyda yoshlar ijara haqi va soliq to‘lamaydi.

Ma’lumki, yil boshida hokimlar, vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga sharoiti og‘ir 4 million o‘g‘il-qiz biriktirilgan edi. Manzilli ishlash natijasida, hayotda qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshlar muammosi hal etildi, 65 mingining bandligi ta’minlandi. Alohida e’tiborga muhtoj 1 million yoshlar sport bilan shug‘ullanishni boshladi.

Shu tarzda, tarbiyasi og‘ir, oilaviy ajrim yoqasidagi va jinoyatga moyilligi bor yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash zarurligi ta’kidlandi.

Maktab, kollej, oliy o‘quv yurtlarining stadionlari, sport zali, basseyn va kutubxonalari mahalla yoshlari uchun doim ochiq bo‘lishi belgilandi. Shuningdek, yoz mavsumida sport musobaqalari, ijodiy tanlovlar va kino kunlari o‘tkazilish aytildi.

Mehnat yarmarkalari tashkil qilinib, 350 ming yoshlarni ishga joylashtirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, 100 ming kishini qurilish ishlariga jalb qilish mumkin.

Qizlarga ko‘maklashish, sharoitlarini yaxshilashga e’tibor davom ettiriladi. Og‘ir sharoitga tushib qolgan xotin-qizlar uchun barcha hududlarda 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, “oyoqqa turib olgunga qadar”, ushbu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin bo‘ladi.

Sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlar xonadonida kasanachilik yoki masofaviy ish bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

Yig‘ilish ochiq muloqot shaklida bo‘ldi. Yurtimizning turli hududlaridan qatnashgan hamda chet ellarda o‘qiyotgan yoshlar o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Mutasaddilarga ularni umumlashtirib, farmon loyihasiga kiritish topshirildi.

– Yoshlarimiz hayotda munosib o‘rnini topishi uchun bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq ishga solamiz. Sizlar mamlakatimizning ishonchi va tayanchi, kelajagimiz bunyodkorlarisiz, – dedi Prezident.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!