Minskda Belarus axborot vaziriga «Oltin qalam» xalqaro tanlovi diplomi topshirildi

Minskda Belarus axborot vaziriga «Oltin qalam» xalqaro tanlovi diplomi topshirildi

O‘zbekistonning Minskdagi elchisi Nosirjan Yusupov «Oltin qalam» XIV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov tashkiliy qo‘mitasi va hakamlar hay’ati nomidan Belarus axborot vaziri, taniqli yozuvchi va publisist Aleksandr Karlyukevichga diplom va qimmatbaho sovg‘ani topshirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

An’anaga ko‘ra, O‘zbekistondagi tanlov yakunlari 3 may — Jahon matbuoti erkinligi kuni e’lon qilindi. Aleksandr Karlyukevichning publisistik ishlari «Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun» nominasiyasi bo‘yicha diplom bilan taqdirlandi.

Elchi Aleksandr Karlyukevichning O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi jadal rivojlanayotgan munosabatlarga qo‘shayotgan ulkan shaxsiy hissasini e’tirof etdi. Muallif o‘z asarlarida mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, umumiy tarix, umumiy qadriyatlarni asrab avaylashga chaqiradi («Mi slishim drug druga»), o‘quvchilarini Belarus shoiri Yakub Kolasning urush yillarida Toshkentda o‘tgan hayoti va faoliyati orqali ikki davlat adiblarining do‘stona muloqoti sarchashmalari bilan tanishtiradi («Iz xronik jizni poeta») va Belarusni fashistlardan ozod qilish uchun kurashgan o‘zbekistonlik jangchilarning qahramonliklarini kuylaydi («Kazbek i drugiye»).

Uning kitoblari o‘quvchilarda geografik jihatdan uzoq mamlakat, biroq ruhiyat va milliy xarakter bo‘yicha yaqin xalqqa nisbatan qiziqish uyg‘otadi, o‘zbek xalqi tarixi, qadriyatlari, o‘zbek yozuvchilarining badiiy asarlarini yanada chuqurroq o‘rganishga turtki beradi.

Elchi Aleksandr Karlyukevichning kelgusida ham o‘quvchilarini o‘z asarlari bilan quvontirishda davom etishiga umid bildirdi.

Aleksandr Karlyukevich o‘z navbatida Xalqaro tanlov tashkilotchilari va hakamlariga asarlarini yuqori baholaganliklari uchun minnatdorlik bildirdi.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!