Masjid va ulamolar bilan munosabatlarimizni yaxshilaylik!

Masjid va ulamolar bilan munosabatlarimizni yaxshilaylik!

Har birimiz bir kun kelib vafot etamiz.

Vafot etganimizda bizni stadion, teatr yoki biror akademiyaga emas, balki masjidga olib borishadi.

Janozamizni o‘qish, haqqimizga duo qilish uchun oila a’zolarimiz san’atkorlarga emas, ulamolar oldiga yugurib borishadi.

Hozir tirikmiz. Fursatni g‘animat bilaylik! Tavbaga shoshilaylik!

Masjidlar bilan aloqamizni yaxshilaylik! Masjidga ilk kirishimiz biz tobutdaligimizda bo‘lmasin! Hozirdan boshlab namozlarimizni masjidlarda ado etishga urinaylik!

Ulamolar bilan munosabatlarimizni chiroyli qilaylik! Ular bilan ilk uchrashuvimiz biz ruhsiz jasad bo‘lganimizda, bizga janoza o‘qishga kelganlarida bo‘lmasin! Ulamolarimizning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, ularning nasihatlariga amal qilishga harakat qilaylik!

Vafot etganimizdan so‘ng bizga bu dunyoda qayta tirilib, solih amallar qilishga imkon berilmaydi. Shu bois hozir imkoniyatimizdan maksimal darajada foydalanib qolaylik! Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

حَتَّى إِذَا جَاء أَحَدَهُمُ الْمَوْتُ قَالَ رَبِّ ارْجِعُونِ لَعَلِّي أَعْمَلُ صَالِحاً فِيمَا تَرَكْتُ كَلَّا إِنَّهَا كَلِمَةٌ هُوَ قَائِلُهَا وَمِن وَرَائِهِم بَرْزَخٌ إِلَى يَوْمِ يُبْعَثُونَ

“Toki ulardan biriga o‘lim kelgan chog‘da: “Ey Robbim, meni (hayotga) qaytargin. Shoyadki tark qilgan narsamda solih amal qilsam”, der. Yo‘q! Albatta, bu (quruq) so‘z bo‘lib, u aytguvchi, xolos. Ularning ortida qayta tiriladigan kunlarigacha to‘siq bordir” (Mo‘minun surasi, 99-100-oyatlar).

Tavbani ham jonimiz halqumimizga kelgan vaqtgacha kechiktirmaylik! Zero, bu paytdagi tavba qabul qilinmasligi hadislarda ta’kidlangan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bandaning tavbasini joni xalqumiga kelgunicha qabul qiladi”, dedilar.

Demak, tavba jon halqumga kelishidan oldin bo‘lishi kerak!

Ey Robbim! Bizga nasuh tavbani nasib etib, xotimamizni go‘zal qilgin va huzuringga yorug‘ yuz bilan borishimizni nasib etgin!

Manba: muslim. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!