OPEK O‘zbekistonda xususiy bog‘chalarni rivojlantirishga 20 mln dollar ajratadi

OPEK O‘zbekistonda xususiy bog‘chalarni rivojlantirishga 20 mln dollar ajratadi

OPEK O‘zbekistonda xususiy bog‘chalarni rivojlantirishga 20 million dollar ajratadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid al-Xalifa uzoq muddatli hamkorlikni muhokama qildi va xususiy sektorni davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, ipoteka kreditlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari, jumladan, aholi uchun ipoteka kreditlari mavjudligi holatini yaxshilash va O‘zbekiston ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali investisiyalarni jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekistonda “Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish maqsadida 20 million dollar miqdoridagi bitim imzolandi.

Ushbu loyiha Prezident tomonidan tasdiqlangan “2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilangan maqsadlarga erishish borasidagi sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘ldi. Loyiha xususiy sektorga maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish uchun imtiyozli kreditlardan foydalanish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, loyiha bir qator yangi maktabgacha ta’lim muassasalar qurish va modernizasiya qilish, shu bilan birga ularda bolalar uchun o‘rinlar sonini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!