Masjid ortidagi pornografiya: "Qo‘yliq" nazorat qilinmaydimi?

Masjid ortidagi pornografiya: "Qo‘yliq" nazorat qilinmaydimi?

Bunday joylarni ildizi bilan yo‘q qilishga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Bugun dunyo ilmu fani jadal rivojlanib, tabiatning eng mavhum sirlarini ham ochish imkoniyati paydo bo‘lgan bir paytda, ijtimoiy hayotda shahvat, fahsh illatlari ortib borayotgandek. “Pornoindustriya” — behayo mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoat ilmu fan, hatto san’at, adabiyot yutuqlaridan turli jinsiy razilliklar, sadizm, mazaxizm va hokazo... hurmacha qiliqlarni targ‘ib qilishda foydalanayotgani o‘ta achinarli holat.

“Pornoindustriya” hayosiz video va suratlarni tarqatishdangina iborat emas. U ijtimoiy tarmoqlardagi o‘yinlar, behayo kitoblar, nihoyat “kattalar uchun o‘yinchoqlar” deb ataluvchi — oila, muhabbat, iffat singari muqaddas tushunchalar ildiziga bolta urishga mo‘ljallangan keng ko‘lamli xavf hisoblanadi.

Mazkur sanoat, u ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishga mo‘ljallangan “S**SHOP”(fahsh do‘kon)lari dunyoning aksar qismi — AQSH, Kanada, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Avstraliya, Xitoy va hatto Rossiya Federasiyasi singari qator rivojlangan davlatlarda mutlaqo qonuniy — “legal” faoliyat yurityapti. Bunday do‘konlar orqali oilada xotin yoki er o‘rnini qaysidir ma’noda bosishga mo‘ljallangan vositalar, robot qo‘g‘irchoqlari sotilmoqda, hatto sun’iy ong texnologiyalari bilan jinsiy ehtiyojni ta’minlashga urinilmoqda. Shukrki, yurtimizda bunday sanoatga qarshi kurash bo‘yicha huquqiy baza yaratilgan. Buning natijasida “fahsh do‘kon”lari tashkil qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ammo, kelajagimiz bu balodan himoyalangan, deb hisoblasangiz adashasiz. Sabablari esa bir nechta...

Masjid yaqinidagi savdo

Poytaxtimizdagi “Qo‘yliq” bozoriga hech yo‘lingiz tushganmi? Odatdagidek bozor-da, deyishingiz mumkin. O‘sha bozor atrofida, eng achinarlisi, “Qo‘yliq ota” masjidiga yaqin hududda dori vositalari hamda “behayo” mahsulotlarning ochiqdan-ochiq savdo-sotig‘i yo‘lga qo‘yilganiga nima deysiz? Bu yerda uyat va andisha unutilgan. Achinarlisi, sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi munosabatni ko‘rgan kishi, oddiy vositalar savdosi bo‘lyapti-da, degan xayolga boradi. Biroq insonni qabohat olamiga boshlovchi allaqanday vositalarni ko‘z-ko‘z qilayotgan savdogar uyatu or-nomusni unutib qo‘yganini ko‘rib, yoqa ushlashi aniq. Nahotki, bu holatga tegishli mutasaddilar panja ortidan qarab kelayotgan bo‘lsa?

—Afsuski, bunday noqonuniy savdo-sotiqni ildizi bilan qo‘porib tashlab bo‘lmayapti, — deydi Toshkent shahar Bektemir tuman “Nurafshon” mahallasi raisi Shavkat Ikromov. — Bu — biz uchun eng og‘riqli nuqta.  Joriy yil boshidan buyon bir necha marta ichki ishlar bo‘limi, Soliq qo‘mitasi va Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi hamkorligida reydlar o‘tkazildi. 50 dan ortiq kishi jarimaga tortildi. Sotilayotgan vositalar olib qo‘yildi. Eng qizig‘i, bu yerdagilarning barchasi qonunga xilof ish qilayotganini yaxshi bilishadi va har doim qochib ketishga shay turishadi. Reyd o‘tkazilgandan so‘ng bir hafta savdo to‘xtaydi va keyin yana o‘sha eski holiga qaytadi. Savdo qilayotganlardan birontasi mahallamizda yashamasa-da, barcha ayb va sharmandalik afsuski, bizning bo‘ynimizda. Eng achinarlisi, yoshi bir joyga borib qolgan, yoshlarga maslahat beradigan nuroniylar ham shu ish bilan shug‘ullanishayotganidir. Yoshlarni tartibga chaqirish yoki koyish mumkin, ammo kattalarning o‘zi tarbiyaga muhtoj bo‘lsa-chi? Aslida bundaylar uchun qonunda qattiqroq choralar ko‘rilishi kerak, degan fikrdaman. Chunki qo‘llanilayotgan jarimalarning o‘zi yetarli bo‘lmayapti. Jiddiy choralar bilan bu kabi noqonuniy savdolarga chek qo‘yish mumkin.

Darhaqiqat, sotuvchilar orasida o‘smir yigit-qizlardan tortib nafaqa yoshidagi keksalar ham bor. Ular nafaqat dorilar, balki “behayo” mahsulotlarni ovozi boricha “reklama” qilishganidan kishi qochishga joy topa olmaydi. Axir xalqimiz azal-azaldan o‘zining hayosi, ibosi va andishasi bilan ajralib turgan. Yashirin savdo rastalari oralab u yerdagilarning daromadlari, sotuvdagilariga bo‘lgan talablar haqida qiziqib surishtirganimizdan g‘azablangan bir ayolning “shu orqali ro‘zg‘orimni yurityapman, senga nima?” degan qabilidagi javobini eshitdik. To‘g‘ri, bu vositalarni sotib o‘z oilasini moddiy jihatdan ta’minlashi mumkindir, ammo shu ayol o‘nlab oilalarning totuvligiga, baxtiga darz yetkazishi, qanchadan-qancha yoshlarning ongu shuurini behayolik bilan zaharlashi haqida hech o‘ylab ko‘rganmikan?

Pornografik disklarning yashirin savdosi

Ba’zida aholi gavjum joylarda audio va video disklar turli shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda sotilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu ayrimlar uchun yaxshigina daromad manbaiga ham aylanib ulgurgan. Qayd etish kerakki, mazkur “ishbilarmon”lar zo‘ravonlik, pornografiya, mamlakat xavfsizligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni, fuqarolar tinchligini, millatlararo va dinlararo totuvlikni buzishni targ‘ib qiluvchi, milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan mazmundagi audiovizual asarlarni sotmasligiga hech kim kafolat bermaydi.  

  • Yaqinda o‘g‘lim bilan poytaxtimizdagi “Yangiobod” bozoriga bordik, — deydi “Bo‘zsuv” mahallasidan Dilorom Sobirova. —  Dam olish kuni bo‘lgani uchun bozor sotuvchi va xaridorlarga to‘la. Ona-bola bozor ichkarisiga kirdik. Shunda bir o‘smir qiz o‘g‘limning yoniga kelib, qo‘lidagi disklarga ishora qilganicha nimadir degandek bo‘ldi. Qizning ikkinchi martoba xitobidan so‘ng, to‘g‘risi, o‘g‘limning yonida juda uyalib ketdim. Birovga aytib bo‘lmaydigan behayo tarzdagi reklama edi. Qiz o‘g‘limning pornografik disklarga befarqligini ko‘rgach, boshqa xaridor topish ilinjida yonimizdan uzoqlashdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nahotki, o‘smir qiz pornografiya nima ekanini bilsa? Hammadan ham achinarlisi, bozor ichkarisida yuk tashuvchi aravada aynan pornografik mahsulotlarni ochiqdan-ochiq sotib yurganlarni uchratish mumkin. Xohlaysizmi-yo‘qmi, aravadagilarga ko‘zingiz tushadi. Aravani bir-biriga ko‘rsatib kulayotgan yosh yigitlarni, yoki boshini chayqab o‘tayotgan xotin-qizlarni uchratish mumkin.

Bugungi kunda bunday noqonuniy tovarlar savdosining oldini olish borasida Bojxona xodimlari tomonidan bir qancha amaliy ishlar bajarilmoqda. Misol uchun, “Jartepa” postida Bojxona xodimlari tomonidan 4 oyda 9666 dona pornografik disklar ushlangan. Ko‘rinib  turibdiki, mamlakatimiz hududiga kirib kelayotgan pornografik mahsulotlar ushlab qolinsa-da, ichki bozorlarimizda qing‘ir yo‘llar orqali kirib kelgan mahsulotlar aylanmasi hamon davom etmoqda. Illatning ildizi — befarqligimizda. Bunday kimsalarning faoliyatini uchun nafaqat tegishli organlar balki, bir butun mahalla ahli o‘z nazoratiga olsa, albatta, natijaga erishish mumkin. Zero, “behayolik”  farzandlar tarbiyasini izdan chiqaradi, tubanlikka yetaklaydi.

Nilufar YUNUSOVA

Manba: «Mahalla»


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!