Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarga fundamental monetar omillar ta’siri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1 maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi, umumiy inflyasiyaga bir martalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi, inflyasiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iy fazada shakllanganligini inobatga olib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Umumiy inflyasiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari inflyasiyasida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflyasiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi.

Iqtisodiyotda yuqori talabning saqlanib qolayotgani hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning oshirilishi sharoitida xizmatlar inflyasiyasi so‘nggi oylar davomida barqaror o‘sib bormoqda.

Bazaviy inflyasiya sezilarli sekinlashib, mart oyida yillik 7,6 foiz va yil boshidan umumiy inflyasiya darajasidan pastroq shakllandi.

Aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari inflyasiyaning joriy va prognoz darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi ta’sirida inflyasion kutilmalar dinamikasi yuqorilashi mumkin.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yilda umumiy inflyasiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi.

Prognoz koridorining nisbatan kengligi, tariflar oshirilishi munosabati bilan aholiga taqdim etiladigan bir martalik to‘lovlar, ijtimoiy norma va ikki oylik imtiyozli davr mazkur o‘zgarishlar ta’sirini yumshatish imkonini berishi hamda hozirgi paytda ushbu o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlar inflyasion kutilmalariga ta’sirini baholash murakkabligi bilan izohlanadi.

Bazaviy inflyasiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida qolishi bo‘yicha mustahkam kutilmalar shakllanib, yil yakunida 7-8 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Umumiy inflyasiya prognozini yangilanishi tartibga solinadigan narxlar oshishining pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida keltirilgan makroiqtisodiy prognozlarida inobatga olingan dastlabki darajasidan yuqoriroq bo‘lishi bilan bog‘liq. Biroq, ushbu o‘zgarishlarning iqtisodiyotdagi narxlarga ta’siri bir martalik xarakterga ega bo‘lib, iste’mol talabini ma’lum darajada pasaytirishi orqali o‘rta muddatli istiqbolda inflyasiyaning pasayuvchi trendiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Hukumat tomonidan iqtisodiyotda yalpi taklifni oshirishga va inflyasiyani pasaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, uzoq muddat davomidagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining yig‘ilgan ta’sirlari inflyasion jarayonlarni jilovlashga xizmat qiladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragida iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investision faollikning oshishi kuzatildi.

Mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Biroq, ishchi kuchi taklifida ma’lum segmentasiya mavjud bo‘lib, yuqori malakali sohalarda talabning to‘liq qondirilmayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa, tegishli sohalarda ish haqlarining yuqoriroq o‘sishiga olib kelmoqda.

So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi. Tashqi savdo hamkorlar milliy valyutalari kurslari va inflyasiyalari bo‘yicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar kuzatilmayapti.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YAIM o‘sishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.

Iqtisodiy o‘sishning yangilangan prognozi aholi va tadbirkorlik sub’ektlari xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga kelgusida iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi bilan bog‘liq.

Ayni paytda, xususiy investisiyalarda yuqori faollik, fiskal rag‘batlantirishlar va aholi daromadlarining o‘suvchi dinamikasi o‘tgan yillardagi kabi joriy yilda ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.

Amaldagi pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi, ijobiy real bozor stavkalarini ta’minlash orqali iqtisodiyotda kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich mo‘’tadillasha boshlagani va depozitlar o‘sishining tezlashishida namoyon bo‘lmoqda.

Kelgusi choraklarda bank tizimining umumiy likvidligi tarkibiy profisit sharoitidan bosqichma-bosqich tarkibiy defisit fazasiga o‘ta boshlashi va mazkur tarkibiy o‘zgarishlar pul-kredit operasiyalari orqali to‘g‘rilanib borishi kutilmoqda.

Inflyasiya prognozining yuqori chegaralarida ham kutilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyasiyaga monetar omillar ta’sirini cheklovchi va milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantiruvchi xususiyatlari saqlanib qoladi.

Ayni paytda, bazaviy inflyasiyaning prognoziga erishish bo‘yicha xatarlar kuchayib, kelgusi davrlarda aholining inflyasion kutilmalarida sezilarli o‘sish kuzatilgan taqdirda pul-kredit sharoitlarini o‘zgartirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Markaziy bank inflyasiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyasion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 13 iyunga belgilangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!