Maktab qurgan tadbirkorlar soliqdan ozod qilinadi

Maktab qurgan tadbirkorlar soliqdan ozod qilinadi

Rudakiy tumanidagi bir qator qishloqlarning bolalari mahalliy tadbirkorlardan yangi yil sovg‘asi oldi. Obi Shifo va Shahriston qishloqlarida tadbirkorlar tomonidan zamonaviy maktab qurildi. Maktablarning ochilish marosimida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.

Shahriston qishlog‘idagi maktab binosi 21 million somoni evaziga tadbirkor Abduhalil G‘ulomov tomonidan qurildi. O‘quv binosi ikki smenada ta’lim oladigan 1280 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 22 ta sinfdan iborat. Yangi maktabda Shahriston, Mexan va Daryoobod qishloqlarining bolalari saboq oladi, deya xabar berdi Tojikiston Prezidentining matbuot xizmati.

Tadbirkor Abduhalil G‘ulomovning ma’lum qilishicha, maktab qurilishi ehson bo‘lib, u shu kabi zamonaviy maktabni Kulob mintaqasida ham qurishni niyat qilgan.

Obi Shifo qishlog‘idagi boshqa bir maktab tadbirkor Nurshed Mashrabov mablag‘lariga qurildi. O‘tgan yili Emomali Rahmonning Rudakiy tumani aholisi bilan uchrashuvida Mashrabov maktab qurishga va’da berib, bir yilda inshootni qurib, foydalanishga topshirdi. Yangi 7-umumta’lim maktabi uch qavatdan iborat bo‘lib, ikki smenada ta’lim oladigan 1280 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.

Mahalliy tadbirkorlarning so‘zlariga qaraganda, maktab qurilishida tadbirkorlar soliqlarning barcha turidan ozod qilindi. Tojikiston Soliq qo‘mitasi o‘z mablag‘lari hisobidan maktab, bolalar bog‘chasi, tibbiyot muassasalari, turar joy binolarini qurib davlat balansiga o‘tkazgan shaxslarga nisbatan shu kabi imtiyozlar berilganini tasdiqladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!