Kunduzi yoqilayotgan chiroqlar haqida: "Nimani kutyapsiz? Albatta, kimlarningdir o‘lishinimi?"

Kunduzi yoqilayotgan chiroqlar haqida: "Nimani kutyapsiz? Albatta, kimlarningdir o‘lishinimi?"

Bloger Xushnud Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida kunduzi avtomashinalar chiroqlarini yoqib yurishning salbiy oqibatlari haqida quyidagi maqolani yozdi.

Bugungi kunning trendga aylangan mavzusi, shubhasiz kunduzi chirog‘ini yondiraman, deb mashinasi yonayotganlar bo‘lmoqda. Kechaning o‘zida olov ichida qolgan mashinalar haqida shunchalar ko‘p xabar chiqdiki, odam qo‘rqib ketadi (1,2, 3 , 4, 5, 6, 7, 8 ). Hali bu aniqlanganlari, biz bilmaganlarimiz yana qancha ekan.

Xudoga behisob shukrki, hozircha sog‘lig‘iga jiddiy shikast yetgan yoki halok bo‘lganlar yo‘q. Lekin kimdir o‘lishini kutishimiz shartmi? Albatta kim(lar)dir o‘lib ketmagungacha bo‘layotgan voqealarni fojia deb hisoblamay, ko‘z yumib turamizmi har doimgidek?

Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgarish kiritish to‘g‘risidagi qaror chiqqan kunning o‘zidayoq bunga qarshiligim haqida yozgan edim. Aniqrog‘i yangi qoidalarni qo‘llab-quvvatlashim, lekin o‘zgarishlarni bunaqa shok terapeyasi orqali tezda amalga kiritib bo‘lmasligi, bu turli halokatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida dod-voy qilgandim https://t.me/xushnudbek/2062

O‘shanda ayrimlar, pashshadan fil yasayotganligimni, faqat yomonlikni ko‘ruvchi Tutti ekanligimni aytishgandi. Lekin vaqt - oliy hakam, hammasini o‘zi ko‘rsatmoqda.

Bu xuddi gazetalarning o‘zi yaxshi, lekin ularni majburlab sotish yomon, degan prinsipga o‘xshaydi. Yo‘l harakati qoidalaridagi yangiliklar yaxshi, (https://t.me/xushnudbek/2264) maqsadi ezgu, ammo uni amaliyotga tatbiq etish jarayoni mutlaqo xato bo‘ldi.

Aslida bularning barchasiga bosqichma-bosqich o‘tish kerak edi.

Ya’ni kunduzi chiroq yoqib yurish majburiyatini kamida 2021 yil 1 yanvar sanasidan belgilash, ungacha keng miqyosdagi targ‘ibot ishlarini olib borish, joriy yildan boshlab texosmotrdan o‘tayotgan barcha eski mashinalarda DXO bo‘lishini talab qilish, maxsus kunduzgi chiroqlarni o‘rnatishning davlat standartini ishlab chiqish, kerak bo‘lsa elektr ustalarni o‘qitish, yong‘in keltirib chiqarmaydigan jihozlarni o‘rnatishni nazorat qilish va h.k. ishlarni qilish lozim edi.

Xo‘sh, amalda qanday bo‘ldi?

Tap etib, osmondan tushganday qarorni chiqarishdi, amaliyotga joriy etish uchun hatto 1 kun ham vaqt berishmadi.

Keyin og‘zaki buyruq bilan, 1 oyga cho‘zishdi.

Lekin shu 1 oy ichida ham tayinli targ‘ibot qilishmadi. Masalan, oddiygina DXO bilan tumanka farasi boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushuntiradigan birorta rolik, ma’lumot, infografika tayyorlanmadi.

Bozorda DXO chiroqlarining narxi keskin oshib ketdi, elektr ustalarining oshig‘i olchi bo‘lib, ularga turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi. Hozir elektriklarning obro‘si Hojiboy rahmatli aytgan traktorchilarnikidan ham balandroq, men Sizga aytsam.

Va eng yomoni ustalarning qo‘lida hech qanday yo‘riqnoma yo‘q. Qanday chiroqlar mumkin, qandaylari mumkin emas, qanday simlarni o‘rnatsa bo‘ladi, qandaylirini yo‘q, hech narsa aniq emas.

Ko‘chalarda esa tinimsiz yong‘inlar yuzaga kelmoqda, chirog‘i kuygan, mashinasi yongan, akkumulyatori o‘tirib qolganlarning nolasi ko‘kni tutmoqda.

IIBB esa rasmiy saytida bunaqa yong‘inlarga sabab sifatida haydovchilarning o‘zini ayblabdi. Avtomobillar yonib ketishi va hattoki portlashlari ham mumkin, bunga sabab o‘zboshimchalik bilan avtomobil tuzilishiga aralashish, texnik holatga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lish deyishibdi.

Baraka topgurlar, o‘sha haydovchilar nima uchun o‘zboshimchalik bilan mashinaga chiroq qo‘yidirishyapti, axir ularni o‘zingiz bunga majbur qilmadingizmi? Barcha aybni xalqqa ag‘darishdan osoni yo‘q, lekin bu ishlarni keltirib chiqarayotgan asosiy muammoning ildizidan ko‘z yumish insofdanmi?

IIVga yoqadimi yoki yo‘qmi, ular xatosini tan olishi kerak. Nafaqat tan olish, balki uni zudlikda bartaraf etish choralarini ham ko‘rishi shart va zarur. Qaror ijrosini uzoq vaqtga (1-2 yil) ortga surish va shu davr ichida xalqning XAVFSIZligini ta’minlashga oid ishlarni bajarish lozim.

Nimani kutyapsiz? Albatta kimlarningdir o‘lishinimi? .


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!