Janubiy Koreyaning o‘zbekistonlik migrantlarga ehtiyoji qancha?

Janubiy Koreyaning o‘zbekistonlik migrantlarga ehtiyoji qancha?

Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi Janubiy Koreyada shartnoma asosida mehnat qilib, qaytgan va takroriy borish istagidagi fuqarolar uchun 8-12 oktyabr kunlari test sinovlari o‘tkazilishini ma’lum qilmoqda.

Aytish joizki, chet elda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolarning firibgarlar ta’siriga tushib qolishini oldini olish maqsadda qator choralar ko‘rilmoqda. Albatta, noqonuniy yo‘l bilan xorijga ishlashga borish odam savdosi qurboniga aylanishga, ishlovchining himoyasizligi, jinoyat yo‘liga kirishi, sog‘lig‘i va erkini yo‘qotishiga olib keladi.

Qonuniy yo‘l bilan xorijda ishlamoqchisiz. Sizda buning uchun qayerga murojaat qilishim kerak, degan savol tug‘ilishi mumkin. Xohlovchilarni xorijga ishga jo‘natish Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi va uning joylardagi byurosi orqali amalga oshiriladi. Ulardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Koreyaga bir yarim ming nafar, Rossiyaga yetti yuzdan ko‘proq, Turkiyaga uch yuzga yaqin, Polshaga besh nafar yurtdoshimiz qonuniy yo‘l bilan yuborilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Koreyaga belgilangan kvota uch ming yuzta bo‘lib, qolgan nomzodlar ish beruvchining tanlovini kutib turibdi. Shuningdek, Latviya bilan tuzilgan kelishuvga asosan kelgusi yildan boshlab mavsumiy ishlarda ishlash uchun yurtdoshlarimiz jalb etiladi.

Tizimda olib borilayotgan islohotlar tufayli xorijda ishlash uchun borish istagini bildirgan fuqarolarga bir qancha imtiyozlar yaratilmoqda. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari“, “O‘zbekiston havo yo‘llari“ chiptalariga chegirmalar, shuningdek, chipta xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun bir yilda bir marotaba 300 ming so‘m miqdoridagi beg‘araz to‘lov taqdim etilmoqda.

Joriy yilning 2 aprelidan 27 sentyabr sanasiga qadar 300 ming so‘m miqdoridagi beg‘araz ko‘makni 26 ming 200 nafar yurtdoshimiz “Aloqabank” orqali olishga erishdi. Bundan tashqari, mehnat migrantlari transport va boshqa xarajatlari uchun “Ipotekabank“ orqali 1000 dollargacha kredit olishi mumkin. Bunday imkoniyatdan minglab fuqarolarimiz foydalanmoqda.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiya, Polsha, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan tashqi mehnat migrasiyasi sohasida faol hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ular xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarimizga zarur sharoitlar yaratishga ko‘maklashmoqda. Yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan mintaqaviy byurolarda xorijga ketuvchi fuqarolar o‘qitilib, ularga huquqiy maslahatlar berilmoqda.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!