Isitish mavsumida kompensasiyalar beriluvchi ehtiyojmand oilalarga kimlar kiradi?

Isitish mavsumida kompensasiyalar beriluvchi ehtiyojmand oilalarga kimlar kiradi?

Iste’molchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatilishini va energiya tejovchi texnologiyalar keng joriy etilishini rag‘batlantirish, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazishni davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi 1-ilovaga muvofiq;
2024 yil 1 maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining «bazaviy me’yorlari» 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2024 yil 1 mayga qadar:
tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, sotish va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflarini;
elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz iste’molchilari va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan mablag‘larni taqsimlash tartibini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Statistika agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari o‘zgarishi munosabati bilan ayrim toifadagi iste’molchilarga ta’sirni yumshatishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Statistika agentligi tomonidan 2024 yil 1 mayga qadar yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymatini qayta ko‘rib chiqish va e’lon qilish;
b) quyidagi toifadagi iste’molchilar (keyingi o‘rinlarda — ehtiyojmand oilalar) uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensasiya (keyingi o‘rinlarda — kompensasiya) joriy etish:
«Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar (keyingi o‘rinlarda — Yagona reestrga kiritilgan oilalar);
Yagona reestrga kiritilmagan, «mahalla yettiligi» xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar. Bunda:
«mahalla yettiligi» tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalar soni tegishli mahalladagi Yagona reestrga kiritilgan oilalar sonining 15 foizidan oshmasligi kerak;
tuman (shahar) hokimliklari tegishli tuman (shahar) bo‘yicha Yagona reestrga kiritilgan oilalar sonining 15 foizidan oshmagan holda, mahallalar kesimidagi ehtiyojmand oilalarning qo‘shimcha ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritishi mumkin.
4. Belgilansinki, isitish mavsumida (noyabr — fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga quyidagi kompensasiya turlari taqdim etiladi:
a) Ijtimoiy himoya milliy agentligi AT «Xalq banki» bilan birgalikda noyabr oyida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beradi;
b) elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensasiya qilib beriladi:
tabiiy gaz uchun — oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
elektr energiyasi uchun — oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.
Bunda:
ushbu bandda nazarda tutilgan kompensasiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lab beriladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridagi ehtiyojmand oilalar uchun to‘lovlar oktyabr oyidan boshlab amalga oshiriladi.
5. Ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantirish va ularga tabiiy gaz hamda elektr energiyasi xarajatlarining bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilgan qismiga kompensasiya 3-ilovadagi sxemaga muvofiq to‘lab beriladi.
6. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda «mahalla yettiligi» tomonidan ehtiyojmand oilalar ro‘yxati to‘g‘ri shakllantirilishi va o‘z vaqtida «Inson» ijtimoiy xizmat markazlariga taqdim etilishini ta’minlasin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
2024 yil 1 oktyabrga qadar kompensasiya to‘lovlari uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ajratish choralarini ko‘rsin;

minimal iste’mol xarajatlari miqdori o‘zgarishi munosabati bilan 2024 yil 1 mayga qadar eng kam pensiya va nafaqa miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif kiritsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari AT «Xalq banki» bilan birgalikda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq 2024 yil 1 noyabrga qadar bank plastik kartasi mavjud bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar vakiliga bepul asosda plastik kartalar ochib berilishini ta’minlasin.
9. Energetika vazirligi, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Hududgazta’minot» AJ:
2024 yil 1 iyundan boshlab foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot «bazaviy me’yor» va undan ortiq hajmlar kesimida iste’molchilarga yuborilishini ta’minlasin;
Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 2024 yil 1 iyulga qadar iste’molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha ma’lumotlarni Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimiga uzatilishini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.
10. Belgilansinki, 2024 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslarga yetkazib beriladigan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar 100 foiz oldindan amalga oshiriladi.
11. O‘zenergoinspeksiya «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Hududgazta’minot» AJ bilan birgalikda tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarni aniqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kuchaytirilishini ta’minlasin.
12. Energetika vazirligi:
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ko‘mirning ulgurji va chakana narxlarini bozor tamoyili asosida shakllantirish bo‘yicha takliflarni;
Bosh prokuratura hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yoqilg‘i-energiya resurslaridan nooqilona (noqonuniy) foydalanganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni joriy etish hamda elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish va talon-toroj qilish uchun belgilangan tariflarga nisbatan oshiruvchi koeffisiyentni qo‘llash to‘g‘risidagi takliflarni;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholi tomonidan energiya tejamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, Milliy teleradiokompaniya bir hafta muddatda tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlarini oshirish, ehtiyojmand oilalarga to‘lanadigan kompensasiya yuzasidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng qamrovli targ‘ibot-tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
14. Energetika vazirligi ushbu qarorga muvofiq elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning yangi narxlari barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yetkazilishini ta’minlasin.
15. Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2023 yil 15 sentyabrdagi 475-son qarorining 1-bandi birinchi xatboshisi va 1-ilova 2024 yil 1 maydan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!