Instagram o‘z foydalanuvchilariga nisbatan haqoratlarga qarshi kurashni kuchaytiradi

Instagram o‘z foydalanuvchilariga nisbatan haqoratlarga qarshi kurashni kuchaytiradi

Instagram ijtimoiy tarmog‘i shaxsiy yozishmalarda irqiy yoki diniy qarashlarga asoslangan adovatni qo‘zg‘atadigan xabarlar uchun foydalanuvchilar akkauntini o‘chira boshlaydi. Bu haqda kompaniyaning 11 fevral, payshanba kuni e’lon qilingan bayonotiga tayanib «Korrespondent.net» xabar berdi.

Bunga qadar Instagram shaxsiy yozishmalarda haqoratli xabarlarni yo‘llaganlarni ma’lum muddatga bloklab qo‘yar edi. Endilikda bu kabi xatti-harakat uchun akkaunt butunlay bloklanadi.

«Kimdir ruxsat etilmagan xabarlarni yuborishda davom etsa, biz uning akkauntini o‘chirib qo‘yamiz», — deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoq ma’muriyatining ta’kidlashicha, haqoratli yozishmalarga, xususan, irqiy yoki diniy qarashlari asosida adovatni qo‘zg‘atuvchi xabarlar ham kiradi.

Qayd etilishicha, shaxsiy yozishmalarda buni nazorat qilish postlar ostidagi izohlarni kuzatishdan ko‘ra murakkabroq. Kompaniya inson huquqlari va yozishmalar maxfiyligini buzish niyatida emasligini bildirgan.

Shuningdek, kompaniyadagilar foydalanuvchilarga o‘zlari obuna bo‘lmagan yozishmalarni sahifadan birdaniga o‘chirish huquqini berish niyatida. Hozirda ushbu funksiya faqatgina korporativ akkauntlar va ko‘plab foydalanuvchisi bor profillarda mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan ular notanish insonlardan eng ko‘p yoqimsiz xabarlarni oladi.

«Platformamizda nafrat va irqchilikka qarshi kurashish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz, biroq bilamizki, mazkur muammolar bizdan kattaroq», — deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoq boshqa kompaniya va nodavlat tashkilotlaridan ham o‘zining ushbu harakatini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.

Avvalroq Instagram’da «o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoladigan» xabarlar funksiyasi paydo bo‘lishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

manba:daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!