Hindistonda avtobus kanalga qulashi oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi

A A A
Hindistonda avtobus kanalga qulashi oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Madhya-Pradesh shtatida yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobus Sharda kanaliga qulab tushdi. Avtobus salonida 60 kishi bo‘lgan, ularning kamida 40 nafari vafot etgan, deya xabar bermoqda «Korrespondent.net».

Ma’lum qilinishicha, avtobus haydovchi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida kanalga qulagan. Haydovchining o‘zi va yetti kishi avtobusdan tushib, qirg‘oqqa suzib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, 40 nafar yo‘lovchining murdasi topilgan. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Bosh vazir Narendra Modi avariyani «dahshatli» deb atadi va halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, u yo‘l-transport hodisasi qurbonlarining oilalariga tovon puli to‘lanishini ma’lum qildi.

Polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistondagi yo‘l-transport hodisalarida har yili 110 mingdan ziyod odam ehtiyotsizlik bilan mashina boshqarish, yomon yo‘l sharoiti va eski mashinalar tufayli vafot etadi.

Bundan avval AQShdagi sirpanchiq trassada 130 ga yaqin mashina to‘qnashib, 6 kishi halok bo‘lgani, Ganada avtobuslar to‘qnashuvi oqibatida 17 nafar odam halok bo‘lgani hamda Kamerunda yuk mashinasi va avtobus ishtirokidagi YTHda 50 dan ortiq odam yonib ketgani haqida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!