Farg‘onada qaynota kelinini so‘yib tashladi

Farg‘onada qaynota kelinini so‘yib tashladi

Odatda, qaynota ahli kelin bo‘lmishga qaynonasiga nisbatan mehrliroq, yumshoqroq muomalada bo‘ladi. Chunki, keksayganida doimiy suyanchiq bo‘ladigan shu kelini bo‘ladi, deb o‘ylaydi-da.

 Ammo tez-tez qaynona-kelin mojarosini eshitib yursakda, biroq qaynota-kelin mojarosini endi eshitishimiz. Qolmishiga, ushbu holat o‘lim bilan tugallanishi yanada dahshatli bo‘ldi.

Dang‘ara tumanida yashovchi Rustamjon Sohibovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) xonadonida so‘nggi vaqtlarda kelini Dildora ko‘p gap qaytaradigan, hadeganda arazlab onasining uyiga ketib qolaveradigan odat chiqardi.

O‘sha kuni ertalab er-xotin nonushta qilib o‘tirganida, negadir kelini xonasidan chiqmadi. Hatto 3 nafar bolasini ham tashqariga chiqartirmadi. Qaynonasi nonushtaga chorlasa ham ichkarida yotaverdi. Er-xotin o‘g‘li Rustamjonni ishga kuzatib, dasturxon yig‘ishtirilgach, ichkari xonadan kelini Dildoraxonning 9 yoshli bolasiga qarata “Buvingni aytganini qilmaysan, meni aytganimni qilasan, nonushta tayyorla!” degan buyrug‘ini eshitganida ham Rustamjon o‘zini bosdi. “Kelin-da, yana urishgisi kelib turibdi, shekilli” degan xayolda parvo qilmadi. Rustamjon xotini bilan uy ishlari bilan andarmon bo‘lib yuraverishdi.

Nonushtasini qilib bo‘lgan kelini yana xonasiga kirib, yotib oldi va chamasi, uxlay boshladi. Rustamjon bu holatni sezsada yana indamadi. Hovlidagi ishlardan charchab, so‘rida yonboshlab yotgan Rustamjon tushlik bo‘lganini bilib,  kelini Dildoraga “Tushlikka ovqat qiling” degandiki, kelini unga baqrayib turib “Ovqat qilmayman!” degan ters javobni berdi.

Qaynota yana indamadi. Tushlikka ovqatni xotini tayyorladi. Kelini yana tashqariga chiqmadi.

Shu tariqa kech bo‘ldi. Bu vaqtda Rustamjonning xotini “Onamnikiga bir chiqib kelay” deb ota uyiga chiqib ketdi. Kelini esa hovliga chiqib, o‘z kirlarini yuva boshladi. Rustamjon namoz o‘qishga tutindi. Tashqariga chiqqandiki, kutilmaganda Dildora qaynotasiga ro‘baro‘ keldi-da, “Uyimga ketaman. O‘sha yerda dorilarni olib, davolanib kelaman” deb qoldi. Bu gap qaynotasi Rustamjonga ancha og‘ir botdi. Rustamjon keliniga “Qaynonangiz chiqsa, ruxsat so‘rab boraverasiz” degan gapni aytdi. Bundan jahllangan kelini darhol qo‘l telefoni orqali ishdagi eriga qo‘ng‘iroq qildi va uyga chaqirdi. Eri ishdaligini, hozir borolmasligini aytdi, chog‘i, Dildora bor ovozi bilan  kelmasa, o‘sha yerda qolib, uyga qaytib kelmasligini aytib, eriga javradi. Kelinining bu taxlit javrashi Rustamjonga yoqmadi va unga kech bo‘lganda ketmasligini, dorilarni shu yerda ham olaverishini aytishga majbur bo‘ldi. Biroq kelini so‘kinib, bu xonadonda erkak yo‘qligini, kamchiliklarni qilib bermayotganliklarini aytib, yana javrashni kuchaytirdi. Va keyin qaynotasiga qarata ko‘chaga chiqib, kiyimlarini yechib, “Qaynotam tegajoqlik qilyapti, nomusimga tegdi” deb aytaman deb, tuhmat qila boshladi. Mana shu gap Rustamjonning jon-jonidan o‘tib ketdi. Axir kelinining uchta bolasi bor, shu kungacha Rustamjon kelinining qilg‘iliklariga chidab kelayotgandi, mana bunisi tamomila oshib tushdi, uningcha.

O‘zini bosgan Rustamjon birinchi galda nabiralariga televizori bor xonaga kirib, televizor ko‘rib turishlarini tayinladi. Kelini Dildora javray-javray xonasiga kirib ketgan, Rustamjon pichoq borib suyakka qadaldi, deb o‘ylab, qassobchilik qilib yurganida ishlatadigan pichog‘ini qo‘liga oldi-yu, kelinining ortidan uning xonasiga kirdi. Dildora bolalar xonasida turgan ekan. “Qayerga ketasan, kim senga javob berdi, nimaga menga tuhmat qilasan?” deb Rustamjon Dildoraga qo‘lidagi pichoqni ko‘rsatdi. So‘ng keliniga uydan chiqib ketsa, o‘ldirib yuborishini aytib, tahdid qildi.

Ro‘parasida pichoq tutganicha vajohat bilan qaynotasi turganiga ham pavo qilmayotgan Dildora esa “O‘ldirish qo‘lingdan kelmaydi…” deya qaynotasini haqorat qildi…

Pichoqni oshxona tokchasiga qo‘yib, hovli yuzasiga chiqqan Rustamjon egnidagi ko‘ylagiga qaragan edi, ko‘ylagini oldilari qonga bo‘yalganini ko‘rib, ko‘ylagini yechib, tandirni oldiga tashladi. Uyga kirib, shimini qaragan edi, shimiga ham qon tekkanligini ko‘rib, shimini yechib, boshqa ust-boshlarini kiyib oldi.

So‘ng so‘rida turgan telefoni orqali o‘g‘illariga telefon qilib, ularni chaqirdi. Lekin u kelini Dildorani haqoratlariga chiday olmay so‘yib tashlaganini   aytmadi.

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudi yuqoridagi qotillik jinoyatini ko‘rib chiqdi.

Sud jarayonida sudlanuvchi R.Sohibov o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqror va pushaymon bo‘lib, kelini D.Sohibova hayotlik paytida biror marta tegajoqlik qilmagani, qilmishiga pushaymonligi, o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berilishini so‘radi.

Sudda jabrlanuvchining qonuniy vakili Hokimova Omina Aripxodjayevna marhuma D.Sohibova qizi bo‘lishini, kuyovi Sohibov Ravshanbek Rafiqjonovichni kuyov qilishidan oldin masjidda imomga shogirdlik qilib yurganida iymonlik, esli, hushli ekanligini ko‘rib, unga qizi D.Sohibovani bergani. Qizi ilgari qaynotasi R.Sohibov bilan munosabati yaxshi bo‘lganligi. Lekin oxirgi 2-3 yil ichida qizi qudalar kambag‘aldan chiqqan ekanligini aytib, nafsoniyatiga tegayotganlarini aytib, hasrat qila boshlagani. Qizi D.Sohibovaga oilasi buzilib ketmaslikni o‘ylab, sabr qilishini aytib, yuravergani. Agar ozgina bo‘lsa ham qaynotasi uni o‘ldirishini bilganida, qizini uyiga olib kelib olgan bo‘lishini. Qizini qaynotasi unga nisbatan hirsiy munosabatga bo‘lganligi yoki o‘rtalarida biron-bir jinsiy yaqinlik bo‘lganligi haqida aytmagani. U qizini oxirgi marotaba o‘limidan 1 kun avval uyiga kelgan vaqtida ko‘rganligi. O‘shanda qizida bir haftadan beri qon bosimi oshib turganligi va asablari juda ham tarang holatda yurganligi. Shu sababli Dang‘ara tumani markazidagi shifoxonada nevropatologga uchraganligi, shifokordan chiqib, yoniga kelganligi. Qizi bilan birga o‘sha kuni tushlik qilib, gaplashib o‘tirganligi. Shu kuni qizi nimagadir siqilib ketayotganligini aytib, 3-4 kun shu yerda qolishligini so‘raganligi. Lekin u uni uyiga jo‘natib yuborganligi, qizini o‘ldirilishiga nima sabab bo‘lganligini bilmasligini. Chunki, qizini betga chopadigan va qaynotasi bilan yuzma-yuz turib urishadigan odati yo‘qligi. Nabirasi Muslimaxondan eshitishi bo‘yicha, o‘sha kuni qizi uyga ketib, davolanib kelaman deganida, qaynotasi bunga ruxsat bermaganligi va shuni oqibatida o‘rtalarida janjal kelib chiqqanligi. Buning natijasida qaynotasi unga baqirib tashlagan ekanligini. Shundan so‘ng qaynotasi nabiralarini televizor bo‘lgan uyga kirgazib yuborib, o‘zi esa hovlining bolalar yotoqxonasida qizi bilan urishib, o‘sha yerda pichoq bilan o‘ldirgan ekanligini. Nabiralari qizini bobosi qay tariqa o‘ldirganligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishmagan ekanligini. Chunki, ular bu paytda televizor bor uyda o‘tirishgan ekanliklarini bilgani. Hozirda nabiralari sudlanuvchi R.Sohibovni xonadonida ulg‘ayayotganlari, kuyovini hurmati yuzasidan sudlanuvchi R.Sohibovni kechirgani, unga nisbatan moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligini bayon qildi.

Sud hay’ati sudlanuvchi R.Sohibovga jazo turi va uning miqdorini tayinlashda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori tushuntirishlariga amal qilib, jazoni og‘irlashtiruvchi holat mavjud emasligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini, aybiga to‘liq iqror va pushaymonligini, jabrlanuvchining og‘ir xaqorati sababli ushbu jinoyatni sodir etganini, jabrlanuvchining qonuniy vaklini unga nisbatan da’vosi yo‘qligini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida hamda R.Sohibov tomonidan sodir etilgan qotillik usulini e’tiborga olib, o‘zi ayblangan modda sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazoni tayinlashni lozim topdi. Va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

 

Hayotbek SOTVOLDIYEV, Farg‘ona viloyatining jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudining raisi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!