Farg‘onada nohaq ayblangan huquqshunos 14 yildan so‘ng oqlandi

Farg‘onada nohaq ayblangan huquqshunos 14 yildan so‘ng oqlandi

Hayotda inson hamma narsaga chidashi, har qanday og‘ir sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishi mumkin. Ammo odam bolasi adolatsizlik, nohaqlikni hech qachon qabul qilolmaydi. Boshqacha aytganda, adolatsizlikka uchragan kishi haq joyida qaror topganga qadar halovat nima ekanini bilmaydi. Bu haqda Oliy sud xabar bermoqda.

Asli mutaxassisligi hu­quq­­shunos bo‘lgan, Oltiariq tuman hokimligining Ijtimoiy ko‘­nikma markazi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Maqsudjon Mahmudov ham 2005 yilda adolatsizlikka ro‘baro‘ kelganda shunday og‘ir ahvolga tushgandi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, M. Mahmudov qanday xatti-harakati uchun aybdor deb topilgandi?

Gap shundaki, M. Mahmudov o‘z kasbidan tashqari kom­pyu­ter bilan ishlash, hatto uni ta’mirlashni ham yaxshi bilardi. Shu bois 2005 yil 16 iyun kuni tushdan so‘ng tuman prokuraturasi tergovchisi I. Shamsiddinov xizmat kompyuterini ko‘zdan kechirib berishini iltimos qi­lib, uni o‘z xonasiga taklif qiladi. Binobarin, M. Mahmudovni javobgarlikka tor­tilishi aynan shu ho­lat bilan bog‘liq.

Ya’ni tergov va sudda e’­lon qilingan ayblovga ko‘ra, soat 16.30 larda tergovchi unga xonadagi kitob javonida turgan 3 000 AQSh dollarini tashqariga olib chiqib, yashirib qo‘yishni buyurgan. Shunga binoan jamoatchi yordamchi aytilgan pulni idora oshxonasidagi gaz plitasining ichiga yashirib qo‘yadi. Shu vaqtda prokuratura binosiga tegishli idora xodimlari kirib kelib, I. Shamsiddinovni qo‘lga olishadi. So‘ng fuqaro SH. To‘x­liyevdan olingan 3 000 AQSh dollarini qayerga yashirib qo‘y­ganligini so‘rashadi. Valyutani yashirgan M. Mahmudov esa, pulning pora tariqasida berilganidan bexabar ekani va uni ko‘rmaganini bildiradi. Lekin tezkor tadbir ishtirokchilari prokuratura binosi, oshxona va bosh­qa joylarni ko‘zdan kechirishganda yashirilgan pul topiladi va daliliy ashyo tariqasida olinadi.

Oqibatda M. Mahmudov mazkur jinoyat ishi doirasida Jinoyat kodeksining 241-moddasi 2-qismi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni oldindan va’da bermasdan yashirish) bilan ayblanadi. Shu bois jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining 2005 yil 3 oktyabrdagi hukmi bilan ana shu moddaga binoan ish haqi­ning 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishi jazosiga tortiladi. Sudning 2006 yil 20 sentyabrdagi kassasiya ajrimiga muvofiq esa, hukm o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Albatta, yuqorida bayon etilgan tafsilotlar ayblov xulosasi va sud hukmida o‘z ifodasini topgan. Biroq oradan yillar o‘tsa-da, M. Mahmudov o‘ziga qo‘yilgan ayblovga baribir toqat qi­lolmadi. Oxir-oqibat u ha­qiqatni qaror toptirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qildi.

Darhaqiqat, jinoyat ishidagi har bir holat Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan batafsil o‘rganib chiqilganda markaz rahbarini ayblashda Jinoyat-prosessual kodeksi hamda Oliy sud Plenumining tegishli qarori talablari buzilgani o‘z tasdig‘ini topdi. Binobarin, jinoyat ishlari bo‘­yi­cha Farg‘ona viloyat sudining 2006 yil 20 sentyabrdagi kassasiya ajrimi bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun shu ins­tansiyaga yuborildi.

Jinoyat ishini kassasiya instansiyasida ko‘rish jarayonida ayon bo‘ldiki, birinchi bosqich sudi Jinoyat-prosessual kodeksining 22-moddasidagi «Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ji­noyat­ yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart. Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinch­kovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hi­sobga olinishi lozim» degan talablariga rioya etilmagan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, M. Mahmudov tergovchining ko‘rsatmasiga asosan pulni yashirganda uning pora tariqasida olinganini bilmagan. Aniqrog‘i, tergovchining oldiga qaytib kirgan paytda xonada turgan tezkor xodimlarni ko‘rib, ular pul haqida so‘rashgandagina gap nimada ekanini tushungan. So‘ng bo‘lgan voqeani aytib berib, pulni yashirgan joyini ko‘rsatgan. Bunday holatda esa, shaxsni o‘ta og‘ir jinoyatni oldindan va’da bermasdan yashirganlikda ayb­lab bo‘lmaydi.

Jinoyat-prosessual kodeksining 23-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qo­nunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar ayb­siz hisoblanishi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti, ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘l­­sa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi, qonun qo‘l­lanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerakligi belgilangan. Ana shu asoslarga tayangan sud jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining yuqoridagi hukmini bekor qilib, M. Mahmudovni aybsiz deb topib, oqladi. Natijada uning qa­­rindosh-urug‘, qo‘­ni-qo‘sh­ni, tanish-bilish va ham­kasb­lari oldida yuzi yorug‘ bo‘l­di. Eng e’tiborlisi, M. Mahmudov oqlanganidan so‘ng sud tizimiga ishga o‘tgan — ayni paytda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida sudya yordamchisi vazifasida mehnat qi­lib, jamiyatda qonun ustuvorligi hamda odil sudlovni ta’minlashdek sharafli ishga o‘z hissasini qo‘sh­moqda.

Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish lozimki, ayni payt­da davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jamiyatda adolatni qa­ror toptirishdek ezgu ishlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Bu borada esa, sudlarning o‘rni beqiyosdir. Ze­ro, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qi­lish sudlar faoliyatining bosh mezonidir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!