Eron prezidentligi uchun to‘rt nomzod kurashadi

Eron prezidentligi uchun to‘rt nomzod kurashadi

Eronda 28 iyun kuni muddatidan oldin prezidentlik saylovlari boshlandi. Prezidentlik kursisi uchun to‘rt nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda. Bu haqda “RBK”ga tayanib Daryo nashri xabar berdi.

Eron Konstitusiyasini qo‘riqlash kengashi dastlab 6 nafar nomzodning arizasini ma’qullagandi. Biroq 26 iyun kuni vise-prezident Amir-Husayn Gazizoda-Hoshimiy konservatorlar foydasiga nomzodini qaytarib oldi. 27 iyun kuni esa Tehron meri Alirizo Zakaniy ham xuddi shunday qaror qabul qildi. Prezidentlikka nomzodlarning uch nafari konservatorlar (marhum prezident Ibrohim Raisiy ham shu lagerga kirgan) lageriga, to‘rtinchisi esa reformatorlarga tegishli. Hozirda eronliklar quyidagi nomzodlarga ovoz berishi mumkin:

Muhammad Bag‘er G‘olibaf, 62 yosh

2020 yildan Eron Majlisi (parlamenti) spikeri, Tehronning sobiq meri (2005–2017), Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi havo kuchlari sobiq qo‘mondoni (1997–2000 yillar) hisoblanadi. U prezidentlikka uch marta — 2005, 2013 va 2017 yillarda nomzod qilib ko‘rsatilgan. Oxirgi marta Raisiy foydasiga nomzodini qaytarib olgandi.

Said Jaliliy, 58 yosh

Oyatulloh Xomanaiyning 2007 yildan beri Oliy milliy xavfsizlik kengashidagi vakili, shuningdek, parlament va Konstitusiyani qo‘riqlash kengashi o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qiluvchi Siyosiy maqsadlarga muvofiqlikni aniqlash kengashida ham ishlaydi. Mahmud Ahmadinejod prezident bo‘lgan (2005–2013) davrda u Oliy xavfsizlik kengashi kotibi va yadroviy masalalar bo‘yicha bosh muzokarachi edi. Jaliliy ikki marta — 2013 va 2021 yillarda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan. Oxirgi marta Raisiy foydasiga nomzodini qaytarib olgan.

Mustafa Purmuhammadiy, 63 yosh

Sobiq adliya vaziri (2013–2017) va ichki ishlar vaziri (2005–2008), bu poygadagi yagona diniy ulamo. 2013 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodi ilgari surilgan, biroq nomzodini qaytarib olgan.

Masud Pezeshkiyan, 69 yosh

2008 yildan Majlis a’zosi (vise-spiker ham bo‘lgan), saylovlarda reformatorlardan yagona vakil. Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri (2001–2005), kardiojarroh. U siyosiy faoliyatidan oldin besh yil davomida Tabriz tibbiyot fanlari universitetini boshqargan.

U 2021 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan, biroq qatnashishga ruxsat etilmagan. Boshqa nomzodlarning pozisiyalari Raisiy siyosatiga mos kelsa-da, Pezeshkian vaqti-vaqti bilan rasmiylarni tanqid qiladi va AQSh bilan munosabatlarni yaxshilash va ayollar erkinligi, jumladan, hijob o‘rash masalasida himoya qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!