Bolaga maktab tanlashda e’tibor berilishi kerak bo‘lgan 6 jihat

Bolaga maktab tanlashda e’tibor berilishi kerak bo‘lgan 6 jihat

O‘qituvchilar bilan tanishing

Ta’lim sifati bola qanday muhitga tushishi va ustozlarning bilim saviyasi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Shu bois ham farzandingizni o‘qituvchisi bilan suhbatlashib ko‘ring, suhbatdan oldin bermoqchi bo‘lgan savollaringiz ro‘yxatini tuzing, qiziqtirgan jihatlarni oldindan ochiqlab oling va o‘z navbatida o‘qituvchining dars metodi va qo‘yiladigan talablar bilan ham tanishing.

Kuzating

Tanaffusda siz farzandingizni bermoqchi bo‘lgan maktab o‘quvchilari nima bilan mashg‘ul, ustozlar ularga qanday munosabatda ekanini kuzating. O‘quvchilardan darslar qiziqarlimi yoki yo‘q, ko‘ngillari to‘ladimi shu haqida qiziqing.

Jonkuyar, ishini yaxshi ko‘radigan o‘qituvchini tanlang

Boshlang‘ich sinf ta’lim asosi, unda dars beradigan o‘qituvchining qanchalik mutaxassis va o‘z ishining ustasi ekani bilan birga, bolalar psixologiyasini tushunishi, vaqtida qattiqqo‘llik qilish bilan birga qo‘pol muomala qilmasligiga e’tibor bering.

Aynan nima istayotganingizni aniqlab oling

Farzandingiz qiziqishi va o‘z xohishingizga qarab ixtisoslashgan maktab va sinfni tanlang. Masalan, o‘g‘lingiz sportga qiziqsa, matematikaga ixtisoslashgan maktabga bergandan ko‘ra, qiziqishiga qarab yo‘naltirganingiz yaxshi. Siz uchun maktabdagi muhit muhimmi yoki maktabning statusi, oldindan aniqlab oling.

Qaror qabul qilishdan avval yaxshilab tanishing

Maktab bilan tanishmasdan nomi ulug‘ bo‘lgani uchungina shu maktabga berishga oshiqmang. Qaror qabul qilishdan avval tanishing, farzandingiz uchun qulay bo‘ladimi, xavfsizmi, bilim qay darajada beriladi aniqlashtiring. Eshitganingizga emas, ko‘zingiz ko‘rgan va guvoh bo‘lganingizga qarab xulosa chiqaring.

Maktab rahbari bilan suhbatlashing

Maktab rahbari bilan suhbatlashish uchun uchrashuv belgilang va rahbarning uchrashish haqidagi taklifga qanday munosabatda ekaniga e’tibor bering. Suhbat davomida rahbarning aynan nimaga urg‘u berayotgani ham nazaringizdan chetda qolmasin. U uchun qog‘ozbozlik, manfaat muhimmi yoki ta’lim sifati va bolalarning o‘zlashtirishi, shu haqida gap ochib, fikrini bilishga harakat qiling. Unutmang, rahbarga ko‘p narsa bog‘liq. O‘zi harakatchan, bilimli va o‘z ustida ishlaydigan rahbar xodimlaridan ham shuni talab qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!