Atmosfera yerga qulab tushmaydimi?

Atmosfera yerga qulab tushmaydimi?

Sayyoramizni o‘rab turgan havo qobig‘i atmosfera deyiladi. Mazkur havo qobig‘ining vazni qanchaligini bilasizmi? U yerga qulab tushadimi? Atmosfera sayyoramiz uzra muallaq turishining sababini bilasizmi?

Ushbu maqolada shu kabi savollarga javob beriladi. Qur’oni Karimda «Samo» so‘zi ko‘p o‘rinlarda kelgan. Bu so‘zning ma’nosini tushunib olaylik. Sayyoramizni o‘rab turgan havo qobig‘i ham biz uchun samo, osmon hisoblanadi. Ma’lumki, ushbu havo qobig‘ida bulutlar shakllanib, yomg‘ir yog‘adi. Lug‘atshunoslar «samo» so‘zini «sendan yuqorida bo‘lgan barcha narsa sen uchun samodir» deb ta’riflashgan. Ya’ni sizning ustingizdagi barcha narsa samodir. Shu bois ham atmosfera bizga nisbatan osmon sanaladi. Unda yomg‘irli bulutlar shakllanadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاء مَاء بِقَدَرٍ فَأَسْكَنَّاهُ فِي الْأَرْضِ وَإِنَّا عَلَى ذَهَابٍ بِهِ لَقَادِرُونَ۝

«Osmondan o‘lchov ila suv tushirib, uni yerga joylashtirdik. Albatta, Biz uni ketkazishga ham qodirdirmiz»(Mu’minun surasi, 18-oyat).

Milliardlab yorug‘lik yili masofalarga cho‘zilib ketgan osmonning aniq chegarasi, o‘lchovini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Biz ko‘radigan galaktikalar, yulduzlar dunyo osmonida joylashgan bo‘lib, Alloh taolo bizga yaqin osmonni ular bilan ziynatlab qo‘ygan.

Qur’oni Karim mantiqiy va ilmiy masalalardan birini o‘rtaga tashlaganki, Qur’oni Karim nozil bo‘lgan paytda hech kim bu masalani tasavvur ham qilmagan. Bu osmonning yerga qulab tushishi masalasi. Ushbu masala yuzasidan yozilgan maqolalar talaygina. Ularda bizga nisbatan osmon hisoblangan atmosferaning yerga qulab tushish imkoniyatlari borasida so‘z yuritilgan.

Qur’oni Karim nozil bo‘lgan paytda biror kishi atmosferaning vazni og‘irligi, uning yo‘q bo‘lishi yoki qulab tushishining xatarlari haqida oz bo‘lsa ham tasavvurga ega bo‘lmagan. Lekin Qur’oni Karimda ushbu masala haqida ulug‘ oyatlar kelgan. O‘sha oyatlarda Alloh taoloning O‘zi osmonni yerga qulab tushishidan saqlab turishi haqida aytilgan.

Hisob-kitoblardan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, atmosferaning vazni 5 kvintillion (besh raqamidan keyin o‘n sakkizta nol) kilogramm ekan. Demak, bizga nisbatan osmon hisoblangan atmosfera juda og‘ir ekan. Tasavvur qiling, og‘irligi 5 kvintillion kilogramm bo‘lgan tosh yerga qulab tushsa nima bo‘ladi? Albatta, ushbu atmosferani qulab tushishdan saqlovchi Alloh taoloning O‘zidir! Alloh taolo havo qobig‘ini muallaq holda, qulab tushishidan saqlashda tortishish va zichlik qonuniyatlarini bu ishga xizmatkor qilib qo‘ygan. Misol uchun agar atmosferaning zichligi hozirgidan kamroq bo‘lganida, bug‘lanib, tashqi fazoga uchib ketgan bo‘lardi. Agar yerning tortishish kuchi hozirgidan zaifroq bo‘lganida, atmosferani tortib turolmagan bo‘lardi. Alloh taolo sayyoramizga munosib hajm va munosib vaznni berib qo‘ygan, buning natijasida Yer havo qobig‘ini o‘z ustida ushlab turishga erishadi.

Atmosferadagi havo va suv zarralari og‘irlikka ega va ular Yerning tortishish kuchi ta’sirida yerga tortilishi kerak. Ammo Yerdagi harorat bu zarrachalarni harakatda va zarrachalar bir-birini itargan holda ushlab turadi. Shuning uchun ular zichlik qonuni bo‘yicha pastki qismida eng og‘ir va tepada eng yengil moddalar ko‘rinishida joylashtiriladi.

Magnit maydon yer uchun muhimdir. Rasmda o‘ng tomonda kichik ko‘k rangdagi Yerni ko‘rib turibsiz. U ulkan magnit maydon bilan o‘ralgan va ushbu maydon o‘n minglab kilometrlarga cho‘zilgan. Bu maydonning vazifasi Quyoshdan keladigan zararli nurlarni atmosferaga kiritmaslikdir. Buning natijasida atmosfera zararli nurlardan himoyalangan bo‘ladi va Yer ustida qolishi ta’minlanadi. Alloh taolo osmonni, ya’ni havo qobig‘imizni O‘z qudrati bilan halokatli nurlardan saqlangan tom qilib qo‘ygan.

Havo bosimi, harorati, zichligi va Yerning tortishish kuchi – bularning barchasi atmosferaning Yer ustida qolishi uchun mutanosib o‘lchamdadir. Alloh taoloning fazli bilan atmosfera ustimizga qulab tushmaydi ham, ustimizdan uzoqqa ketib qolmaydi ham. Sayyoramizni o‘rab turgan magnit maydon ham Quyoshning halokatli shamolidan Yerimiz omonda qolishiga, atmosferamiz saqlanib qolishiga sabab bo‘ladi.

Olimlar aytadiki, havoning bosimi, harorat darajasi, atmosferadagi kislorod miqdori shu darajada aniq o‘lchovda bo‘lib, havo qobig‘ining barqarorligi ta’minlanishiga xizmat qiladi. Agar bunday o‘lchovda bo‘lmaganda, biz ushbu sayyorada yashay olmagan bo‘lardik. Bu Alloh taoloning bizga rahmatidir.

Alloh taoloning mana bu oyatiga e’tibor beraylik:

أَلَمْ تَرَ أَنَّ اللَّهَ سَخَّرَ لَكُم مَّا فِي الْأَرْضِ وَالْفُلْكَ تَجْرِي فِي الْبَحْرِ بِأَمْرِهِ وَيُمْسِكُ السَّمَاء أَن تَقَعَ عَلَى الْأَرْضِ إِلَّا بِإِذْنِهِ إِنَّ اللَّهَ بِالنَّاسِ لَرَؤُوفٌ رَّحِيمٌ۝

«Alloh yerdagi narsalarni, dengizda O‘z izni ila yuradigan kemani sizlarga beminnat xizmatkor qilib qo‘yganini hamda osmonni iznisiz yerga tushishdan tutib turishini ko‘rmadingizmi?! Albatta, Alloh odamlarga o‘ta shafqatlidir, o‘ta rahmlidir». (Haj surasi, 65-oyat).

Ushbu oyatni ikki yo‘l bilan tushunishimiz mumkin. Buni qarangki, ikki holat orqali tushunganimizda ham Qur’oni Karim bilan ilm o‘rtasida nomutanosiblik ko‘rmaymiz.

1. Agar «samo» so‘zini havo qobig‘i deb tushunsak, bu ham to‘g‘ri. Atmosferaning o‘z o‘rnida turmay, yerga qulab tushishi yer yuzida falokatlarga sabab bo‘ladi, bu falokatlar esa hayotning tugashiga sabab bo‘ladi. Alloh taoloning bizga ulkan rahmati sababli havo qobig‘i o‘z o‘rnida vazifasini bajarmoqda. Uni Robbimiz qulab tushishdan tutib turadi.

2. Agar «samo» so‘zini Yerdan tashqaridagi fazo deb tushunsak, bu ham to‘g‘ri. Yerning tashqi fazodagi har qanday jism bilan, masalan, kometa, asteroid, ulkan meteorit bilan to‘qnashishi Yerda falokat yuz berishiga sabab bo‘ladi va bu falokat sayyoramizda hayot tugashiga sabab bo‘ladi. Oyatga e’tibor bersak, Robbimiz bizga ulkan ne’matlaridan biri haqida bayon qilyapti. Bu ne’mat havo qobig‘ining ustimizga qulab tushishidan saqlashi va tashqi fazodagi jismlarning Yerimizga urilib ketishidan muhofaza qilishidir. Robbimiz biz yashayotgan Yerni hamma tomondan saqlab qo‘ygan. Ichidan ham, tashqarisidan ham. Robbimiz bizga o‘ta mehribondir. Oyatning so‘nggida «Albatta, Alloh odamlarga o‘ta shafqatlidir, o‘ta rahmlidir» deb marhamat qilgan.

Bizlarga son-sanoqsiz ne’matlar ato etgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!

Abduddoim Kahel maqolasi asosida

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!