Aripov va Ortiqxo‘jayevning imzosini qalbakilashtirib, yarim million dollarni "cho‘ntakka urgan" firibgarlarga hukm o‘qildi

Aripov va Ortiqxo‘jayevning imzosini qalbakilashtirib, yarim million dollarni "cho‘ntakka urgan" firibgarlarga hukm o‘qildi

Bosh vazir Abdulla Aripov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzosini qalbakilashtirib yarim million dollarni qo‘lga kiritgan firibgarlar Hokimiyat bo‘lim boshlig‘i bo‘lib chiqqani haqida xabar bergandik.

2019 yil 23 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchilar Timurxo‘ja Javdatxo‘jayev (1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, bo‘ydoq, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan), Kamoliddin Axmedov (1988 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan, muqaddam sudlanmagan), Abdushukur Abdukarimov (1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, bir nafar farzandi bor, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan), Said To‘xtayev (1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, Toshkent shahar Chilonzor tumani qurilish bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan, muqaddam sudlanmagan), Mirsattor Radjapov (1979 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, uch nafar farzandi bor, “Murodi” MCHJda yurist, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, T. Javdatxo‘jayevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandida, K. Ax’medovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida, A. Abdukarimovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandida, S. Tuxtayevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandida, M. Radjapovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra,

T. Javdatxo‘jayevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilandi.

K. Axmedovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilib, ya’ni davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi va 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilandi.

A. Abdukarimovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

S. Tuxtayevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, 1 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilib, ya’ni davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi va 57-moddasini qo‘llab, eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

M. Radjapovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Ayni paytda, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukm qonuniy kuchga kirmagan. Hozirgi kunda T. Javdatxo‘jayev, K. Axmedov, A. Abdukarimov va M. Radjapovlar tomonidan sudning hukmi ustidan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun keltirilgan shikoyatlari tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasida 2019 yil 5 dekabr kuni ko‘rib chiqilishi belgilandi.  

 

Aziz Obidov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi

 Matbuot xizmati rahbari

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!