Isroil hukumati Qatarning Al-Jazeera telekanalini mamlakat hududida ko‘rsatishni taqiqladi

Isroil hukumati Qatarning Al-Jazeera telekanalini mamlakat hududida ko‘rsatishni taqiqladi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Xda Vazirlar Mahkamasi Qatarning Al-Jazeera telekanalining Isroilda faoliyatini taqiqlash uchun bir ovozdan ovoz bergani haqida xabar berdi. Aloqa vaziri Shlomo Karxi allaqachon tegishli buyruqni imzolagan.

OAV xabarlariga ko‘ra, bu «Al-Jazeera»ning Isroildagi vakolatxonalari yopilishi, radioeshittirish uskunalari musodara qilinishi, kanal kabel va sun’iy yo‘ldosh televideniyesi provayderlari dasturlaridan olib tashlanishi va veb-sayti bloklanishini anglatishi mumkin.

Bu qaror Isroil parlamenti G‘azo sektoridagi urush davrida milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblangan xorijiy teleradiokompaniyalarni mamlakatda vaqtincha yopishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilganidan keyin mumkin bo‘ldi.

Al-Jazeera telekanali arab-isroil harbiy mojarosini faol yoritib, birinchi navbatda Falastin tomonining bayonotlari va pozisiyasini efirga uzatadi.

G‘azo sektoridagi urush chog‘ida Netanyaxu teleradiokompaniyani «Isroil xavfsizligiga zarar yetkazish, 7-oktabrdagi qirg‘inda faol ishtirok etish va isroillik askarlarga nisbatan nafrat uyg‘otish»da aybladi.

Qatarda joylashgan telekanalning o‘zi Netanyaxuning ayblovlarini «xavfli va kulgili yolg‘on» deb atadi. «Al-Jazeera»ning javobida bu «kanalga qarshi qo‘zg‘atuvchi tuhmat» va Isroilning so‘nggi choralari «kanalning ovozini o‘chirishga qaratilgan bir qator tizimli hujumlarning bir qismi» ekani aytilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!