Amerikaga supervulqon xavf solmoqda

Amerikaga supervulqon xavf solmoqda

Yelloustoun supervulqoniga unchalik uzoq bo‘lmagan joyda, ya’ni Grand Teton Milliy bog‘ida qoyalarda yoriq paydo bo‘ldi. Tobora kengayib borayotgan yoriqlar eng kamida turistlar uchun jarohat olish yoki upirilish xavfini keltirib chiqaradi. Yana kim biladi, ehtimol, bu  vulqon uyg‘onishi alomatidir, shu boisdan ham  sayohatchilar uchun Milliy bog‘ning bir qismi yopib qo‘yildi.

Geologlar ushbu hududni doimiy ravishda kuzatib boradilar. Chunki Yelloustoun supervulqoni, ondo-sonda otilsa-da, lekin otilish jarayoni juda jiddiy kechadi. Uning oxirgi otilishi bundan 630 000 yil avval sodir bo‘lgandi va bu sayyoramiz tarixidagi eng yirik vulqonlarning biri hisoblanadi. Ushbu vulqonning taxminan har 600 000 yilda bir marta otilishi hisobga olinadigan bo‘lsa, demak yaqin orada u qaytadan o‘yg‘onishi mumkin. Geologiya o‘lchamlari bilan hisoblaganda, albatta, plyus-minus bir necha ming yillari bilan. Lekin baribir, aynan hozir bo‘lmasligiga ham kafolat yo‘qda.

Ayni paytda Yelloustoun vulqoni Yer qa’ridan erigan jismlarni yig‘ib o‘zining magmatik kamerasini «qayta quvvatlantirayapti». Olimlar hamon vulqonning otilishini oldindan aniq aytib bera oladigan vosita o‘ylab topa olganlaricha yo‘q, lekin kamera qanchalik tez sur’atda magma bilan to‘lib borayotganini o‘lchab borish mumkin. Kelgusida ma’lum bir statistika yig‘ilsa, vulqon otilishi qachon boshlanishini oldindan aytish mumkin bo‘lar. Vashington shtati Universiteti tadqiqotchilarining ta’kidlashicha, aynan kameraning magmaga to‘lishi vulqon otilishi jarayoniga asos bo‘ladi. «Bu xuddi  pechkadagi ko‘mirga o‘xshaydi», — deydi tadqiqot mualliflaridan biri professor Piter Larson. «U qozonni qizdiradi. Qozon yoriladi»

Kamera keragicha to‘lgandan keyin, magmatik shleyf o‘z navbatida pastdagi riolitni qizdiradi, bu portlash xavfini tug‘diradi, kremniy bilan to‘yingan jismlar oxir oqibatda portlashni keltirib chiqaradi. Tashqariga 1000 kub kilometr magma otilib chiqadi. Bu esa atrof hududlardagi hayotni butunlay nobud qilishi mumkin va butun sayyoramiz hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirda olimlar vulqonni uyquga ketkazish rejasi ustida ish olib bormoqdalar. Lekin buning oddiy va amaliy usuli o‘ylab topilganicha  yo‘q.  Masalan, NASA magmatik kameraga o‘n kilometrlik shaxta burg‘ulab, unga katta bosimda suv jo‘natish yo‘li bilan vulqonni sovutish taklifini ilgari surmoqda. Biroq, agar burg‘ulanadigan nuqta noto‘g‘ri olinadigan bo‘lsa,  biz uxlatmoqchi bo‘lgan vulqon haqiqatda o‘yg‘onib ketishi mumkin, deydi amerikalik olimlar.

Manba: terabayt.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!