Afg‘onistonda so‘nggi 12 yilda qancha tinch aholi o‘ldirilgani ma’lum qilindi

Afg‘onistonda so‘nggi 12 yilda qancha tinch aholi o‘ldirilgani ma’lum qilindi

Ma’lum qilinishicha, AQShning Kobuldagi elchixonasi «Tolibon» harakati sabab mamlakatda zo‘ravonlik holatlatlari ko‘payayotganidan xavotirda ekanini qayd etib, oxirgi 12 yil ichida 38 ming tinch aholi halok bo‘lganini ochiqlagan.

«Biz ‘Tolibon’ harakatining Afg‘onistondagi tinch aholi va infratuzilmalarga qilayotgan hujumlari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan xabarlarni va boshqa manbalarni ham kuzatib boryapmiz, shu bois harakat tomonidan amalga oshirilayotgan zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqiramiz, dunyo Afg‘onistonda o‘rnatilgan tizimni qabul qilmaydi», deyiladi elchixona xabarida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi zo‘ravonliklarning kuchayishi nafaqat 38 ming tinch aholining hayotiga zomin bo‘lgan, balki 70 mingdan ziyod odamning turli darajada jarohatlanishiga olib kelgan.

Qayd etilishicha, AQSh Afg‘oniston va uning xalqiga yordam berishga sodiq bo‘lib, mamlakatning xavfsizlik va mudofaa kuchlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va 2022 yilgacha xavfsizlik uchun 3 milliard dollar ajratadi.

Ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondagi holat yuzasidan xavotir bildirishiga harakatning so‘nggi ikki oy ichida hujumlarini kuchaytirgani, shuningdek, xorijiy qo‘shinlar chiqarilgandan buyon 100 ga yaqin tumanlarni egallab olgani sabab bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!