Abdulaziz Komilov Saudiya TIV rahbari bilan muloqot qildi

Abdulaziz Komilov Saudiya TIV rahbari bilan muloqot qildi

22 may kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal ibn Farxon ibn Abdulla bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda “Saudi Press Agency” xabar berdi.

“Bugun Tashqi ishlar vaziri Faysal ibn Farxon ibn Abdullaga O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili janob Abdulaziz Kamilov tomonidan qo‘ng‘iroq qilindi”, deyiladi xabarda.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar va ularni mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqilgan, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro maydondagi so‘nggi o‘zgarishlar hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Abdulaziz Kamilov salomatligi bilan bog‘liq muammo tufayli xorijda davolanayotgani aytilgan edi.

Aprel oyi oxirlarida O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish esa Vladimir Norov zimmasiga yuklatilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!