​2019 yil 1 yanvardan daromad solig‘i chindan kamayadimi?

​2019 yil 1 yanvardan daromad solig‘i chindan kamayadimi?

Sir emaski, mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan har bir jismoniy shaxs olayotgan oylik maoshidan daromad solig‘i to‘laydi. Yana shu narsa ham ma’lumki, ushbu soliq turining stavkalari har xil – eng kam ish haqining bir baravarigacha 0 foiz, eng kam ish haqining bir baravaridan 5 baravarigacha 7,5 foiz, eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha 16,5 foiz hamda undan yuqorisi 22,5 foiz miqdorda jismoniy shaxslarning oylik maoshiga daromad solig‘i solinadi. Aytish mumkinki, bunday jarayon, bunday stavkalarda daromad solig‘i hisob-kitobi oddiy ishchi xodim tugul, tashkilot hisobchisiga ham katta qiyinchiliklar tug‘dirayotgandi.

Xabaringiz bor, “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”ga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida qator muhim o‘zgarishlar kutilyapti. Qisqacha aytganda, soliq yuki va turlari kamaytirilmoqda, ayrimlari bekor qilinmoqda, soliq tizimi soddalashtirilmoqda.

Jumladan, ko‘p yillar davomida hisobchilarni ham qiynab kelgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 4 pog‘onali stavkalari o‘rniga oylik maosh miqdoridan qat’iy nazar yagona 12 foizlik stavka joriy etilmoqda. Bundan 0,1 foizini shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varaqlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, soliq tizimidagi eng muhim o‘zgarishlardan biri, fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan 8 foizli sug‘urta badali bekor qilinmoqda. Uning bekor qilinishi natijasida viloyatimiz fuqarolarining ixtiyorida 371,6 milliard so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda.

Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi, yuqoridagi o‘zgarishlarni oddiy misollar bilan bir-biriga solishtirib ko‘raylik. Aytaylik, shifokorning oylik maoshi 3 million so‘m. Ushbu fuqaro amaldagi soliqqa tortish tartibiga ko‘ra, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya badaliga 2 foizlik hamda daromad solig‘ining o‘sib borish shkalasi bo‘yicha jami 481,23 ming so‘m miqdorida soliq to‘laydi. Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga esa olingan daromaddan 8 foiz, ya’ni 240 ming so‘m to‘laydi. Umumlashtirsak, shifokorning qo‘liga tegadigan umumiy summa – 2 278 770 = 3 000 000 - 481 230 - 240 000.

2019 yildan joriy etilayotgan yangi tartibga ko‘ra esa, shifokor olayotgan daromadidan yagona 12 foiz – 360 ming so‘m daromad solig‘i to‘laydi. Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga olinadigan sug‘urta badali esa aytib o‘tganimizdek, bekor qilinadi. Demak, shifokorning qo‘liga tegadigan umumiy summa – 2 640 000 = 3 000 000 - 360 000.

Buyog‘i endi oddiy matematika, o‘rtadagi farqni hisoblab ko‘rishingiz mumkin – 2 640 000 – 2 278 770 = 361 230. Ya’ni, daromad solig‘ining yagona stavkasi joriy etilishi va sug‘urta badalining bekor qilinishi hisobiga shifokor 361 230 so‘m miqdorida soliq kamroq to‘layapti. Bemalol aytish mumkinki, uning daromadi shunchaga ortmoqda. Agar tejab qolinayotgan mablag‘ni 12 ga ko‘paytirsak, bir yilgi daromad miqdori anchagina ortishi kutilyapti.

Amalga oshirilayotgan soliq islohotlar nafaqat jismoniy shaxslarning, balki, yuridik shaxslar daromadining ortishiga ham xizmat qiladi. Xususan, pensiya tizimining barqarorligini ta’minlash maqsadida yuridik shaxslardan olinadigan yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirilmoqda. Ushbu soliq stavkasining kamayishi tashkilotlarga ishchilarning mehnat shartnomasi asosida rasman to‘liq ro‘yxatga olinishida hamda ularning ijtimoiy muhofazasi ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan 3,2 foiz miqdoridagi majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda. Natijada, Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ixtiyorida qoladigan foyda, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 115,7 milliard so‘mni tashkil etishi kutilyapti.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!