Xotini va o‘g‘liga zo‘ravonlik qilgan otaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Xotini va o‘g‘liga zo‘ravonlik qilgan otaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Jizzax viloyatidan B.O. nabirasiga otasi tomonidan bosim va zo‘ravonlik qilinayotgani bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaatchining yozishicha, qizi K.S. 2022 yildan buyon Koreyada ishlaydi, uning 8 yoshli o‘g‘li esa erining qaramog‘ida qolgan.

Murojaatga ilova qilingan videoyozuvda er-xotin video qo‘ng‘iroq orqali gaplashganda, o‘zaro janjallashgani, ota o‘g‘lining bo‘g‘ziga pichoq tiragani aks etgan. Shuningdek, ayol eri tomonidan ko‘p marotaba kaltaklangani va sog‘lig‘iga zarar yetgani haqida gapirgan.

Murojaat darhol Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, holat Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakil hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganildi.

Aniqlanishicha, hozirda fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘li buvisi bilan yashamoqda. Bola bilan suhbat o‘tkazilganda, ota-onasi o‘rtasidagi salbiy munosabatdan norozi ekanini, otasi bilan yashashni xohlamasligi hamda buvisi bilan qolishni istashini bildirgan. Shundan so‘ng, fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘liga buvisi vaqtinchalik vasiy etib tayinlandi.

Ombudsman axborot xizmatiga ko‘ra, ota voyaga yetmagan farzandiga nisbatan o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitishda ifodalangan g‘ayriqonuniy harakatlari uchun Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etganlikda ayblanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!