Xorazmda oilaviy janjal sabab er xotinini bo‘g‘ib o‘ldirdi

Xorazmda oilaviy janjal sabab er xotinini bo‘g‘ib o‘ldirdi

Xorazm viloyati Urganch tumanida 16 sentyabr kuni yarim tunda er va xotin o‘rtasida yuz bergan oilaviy janjal ayolning o‘limi bilan tugadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yil 16 sentyabr kuni soat 01:30 da Urganch tumani IIB navbatchilik qismiga tuman kasalxonasidan xabar tushgan. Xabarda Urganch tumani G‘alaba qishlog‘i «Qumrobod» mahallasida yashagan, uch nafar farzandi bor uy bekasi, 1976 yilda tug‘ilgan U.A.ning bo‘yin sohasidan bo‘g‘ib o‘ldirilgan holdagi jasadi olib kelinganligi bildirilgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida aniqlanishicha, shu kuni soat 00:30 da U.A.ning uyida uning turmush o‘rtog‘i, Rossiyada mavsumiy ishlovchi, 1976 yilda tug‘ilgan S.A. bilan o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjal yuz bergan. Janjal natijasida erkak qo‘llari bilan U.A.ning bo‘yin sohasidan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Hozirgi paytda Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 12 avgust kuni S.A uyida turmush o‘rtog‘i U.A bilan janjallashgan, ular bir-birini urib tan jarohati yetkazgan. Ushbu holat bo‘yicha ularning ikkalasi ham Urganch tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Arizalar bo‘yicha surishtiruv olib borilib, 2020 yil 21 avgust kuni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Urganch tumani sudi tomonidan S.A Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasiga (engil tan jarohati yetkazish) asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Surishtiruv davomida aniqlanishicha, S.A va U.A. turmushdan ajrashish arafasida bo‘lgan, S.A. uyidagi buyumlar hamda U.A.ning tilla-taqinchoqlarini sotmoqchi ekanligini aytib yurgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!