O‘zbekiston tarixida g‘alla xirmoni ilk bor 9 million tonnadan oshdi

O‘zbekiston tarixida g‘alla xirmoni ilk bor 9 million tonnadan oshdi

Ona vatanimiz yuksalishi va ravnaqiga ulkan hissa qo‘shayotgan mirishkor dehqonlarimizni fidokorona mehnati evaziga har qaysi oilaning, el-yurtimizning rizq-ro‘zi, dasturxonini to‘kinligi, odamlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda.

Yangi O‘zbekistonning barcha sohalaridagi kabi, qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmog‘i – g‘allachilikdagi tub islohotlar ham o‘zining samarasini bermoqda. Eng muhimi, g‘alla yetishtiruvchilar manfaati ta’minlanib, yuqori daromadga erishilmoqda.

Bu yilgi mavsumda ham qisqa fursatlarda suvli maydonlarga ekilgan g‘allazorlardan 2 mln 550 ming tonnadan ortiq yoki har gektar hisobiga 2,5 tonna bug‘doy jamg‘arilib, davlat haridi to‘liq amalga oshirildi va birjalarda sotish uchun omborlarda zahira qilindi, mirishkor fermerlarimiz yuzi yorug‘ bo‘ldi. Bunda, 40 mingga yaqin g‘allachilik fermer xo‘jaliklarining munosib hissasi bor.

Ana shunday yuqori ko‘rsatkichga erishayotgan usta dehqonlarimiz soni yildan-yilga oshayotgani albatta, quvonchli. Joriy mavsumda 4,5 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari 100 sentnerdan yuqori xirmon yaratdi.

Romitandagi “G‘afurobod Zulfiya”, Olotdagi “Shukurullo o‘rin” Koson tumanidagi “Tog‘ayev Anvar”, Paxtachidagi “O‘zagro sahovat yerlari”, “Aziz bobo dalalari”, Narpaydagi “Paxtakor”, Ishtixondagi “Tojiyev Qurbon ota”, Angordagi “Xamkon tilla buloq”, Jarqo‘rg‘ondagi “Dilshod Ravshanqulovich”, Qumqo‘rg‘ondagi “Elobod ziyosi”, Sheroboddagi “Shayman ota”, Beshariqdagi “Ilxojon Olimov”, Toshloqdagi “Boymat Shermatov sahovati”, “Ziroatchi”, Uchko‘prikdagi “Saxovatlik hamkorlik”, Yozyovondagi “Var Zulfiqor”, Gurlandagi “Sevara Feruza”, “Sanjarbek Ergashbek”, Yangibozordagi “Davronbek oltin diyori” va “Tojiboy” kabi fermer xo‘jaliklari ana shunday peshqadamlar qatorida ekani quvonchli.

Ta’kidlash joizki, belgilangan hajmdagi bug‘doy barcha hududlarda 15-16 ish kunida jamg‘arildi. Shu bilan birga, dalalarda hosil mo‘l, o‘rim-yig‘im ishlari ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

Bu yilgi mavsum haqida so‘z yuritganda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohot va o‘zgarishlarning samarasiga alohida to‘xtalib o‘tishimiz shart. Xususan, joriy yil hosili uchun biologik eskirgan navlar o‘rniga yangi serhosil va ob-havoning noqulay sharoitlariga chidamli kuzgi bug‘doy navlarining maydoni 585 ming gektarga kengaytirildi.

Soha texnika parki modernizasiyasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hisobiga ekish mavsumida 105 ming gektar maydon lazerli tekislandi hamda 300 ming gektardan ortiq ochiq maydonlar zamonaviy don ekish seyalkalarida ekildi.

2020 yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyotini bekor qilish, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillarini joriy etish yutuqlar omili bo‘lmoqda.

Fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish va sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni ta’minlamoqda. Shuningdek, joriy yilda qariyb 5 mingga yaqin fermer 285 ming gektarda o‘z mablag‘lari hisobiga g‘alla yetishtirgani ham islohotlarning yorqin ifodasidir.

G‘allachilikdagi bunday yuqori natijalar, avvalo, dehqon va fermerlar, g‘alla klasterlari ishchi-xodimlari hamda soha fidoiylari tomonidan tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek, puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning munosib samarasidir.

Zamonaviy texnikalardan foydalanish natijasida ekish ishlarini o‘tgan yillarga nisbatan 10-12 kun erta yakunlash imkonini berdi, oktyabrning uchinchi 10 kunligi va noyabr oyidagi yog‘ingarchiliklar esa asosiy maydonlarda g‘allani tuproqning tabiiy namiga undirib olishga qulay sharoit yaratdi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan g‘alla maydonlari kengaytirildi.

Xalqimiz rizq-ro‘zi bo‘lgan ulkan g‘alla xirmonini yaratgan barcha dala mehnatkashlari - fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, g‘allachilik klasterlari rahbarlari va ishchi-xodimlari, sohaning fidoiy olimlari va mutaxassislarini peshona teri, og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli mehnati evaziga qo‘lga kiritilgan g‘alaba hammamizga muborak bo‘lsin.

Eng quvonchlisi, hali dalalarimizda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. Qolgan suvli maydonlar hamda lalmi va chorvachilik xo‘jaliklari maydonlarida yetishtirilgan hosil hisobidan 9 mln tonnadan ortiq ulkan g‘alla xirmoni yaratildi, uni soha fidoiylari qisqa muddatlarda to‘liq yig‘ib olish uchun astoydil mehnat qilmoqda.

G‘alladan bo‘shagan maydonlarda peshma-pesh takroriy ekinlar ekilmoqda, bu qishloq aholisi, yoshlar va ayollarni mavsumiy bandligi ta’minlashda va daromad topishda muhim omil bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!