O‘quvchi qiz Emomali Rahmonning kortejini to‘xtatib, prezidentga maktub berdi

O‘quvchi qiz Emomali Rahmonning kortejini to‘xtatib, prezidentga maktub berdi

Tojikistonning Panjikent shahrida yashovchi 10-sinf o‘quvchisi Xosiyat ismli qiz prezident Emomali Rahmonning kortejini to‘xtatdi va unga o‘z maktubini topshirdi. Voqea prezidentning So‘g‘d viloyatiga 12 sentyabr kuni amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida yuz bergan.

Qayd etilishicha, odatda viloyatlarga tashriflar davomida fuqarolarning davlat rahbari bilan barcha uchrashuvlari oldindan kelishiladi va juda kam hollarda biror kishi prezidentgacha shunchaki «etib borishi» mumkin. Emomali Rahmon 12 sentyabr kuni Panjikentga Sarazm yodgorligining 5500 yilligi munosabati tashrif buyurgan.

Panjikentlik qiz Xosiyat Olishova 12 sentyabr kuni ertalab shaharning asosiy ko‘chasi — Rudakiy shohko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan hukumat kortejini ko‘rgan. Mashinalar besh yulduzli «Sarazm Plaza» mehmonxonasi oldida to‘xtagan, qiz yo‘lga yaqin kelgan va baland ovozda «Prezident qaysi mashinada?»,  deb so‘ragan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarining tan soqchilari qizni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq prezident qizni o‘tkazib yuborishni aytgan. Xosiyat o‘z maktubini prezidentga bergan, keyin esa qiz Panjikent shahri ma’muriyatiga taklif qilingan.

Tojikiston prezidenti matbuot kotibi Abdufattoh Sharifzodaning ma’lum qilishicha, haqiqatan ham shunday hodisa yuz bergan va prezident qiz yetim ekanligini va uning muammosini hal qilish kerakligini aytgan.

«Qizning maktubi prezidentda turibdi. Maktab o‘quvchisi prezident korteji tomonga borganda davlat rahbari qizni chaqirdi va uning maktubini qabul qildi», — deya ma’lum qilgan matbuot kotibi.

Xosiyat o‘qiydigan Panjikent shahridagi maktab direktori Maqsuda Ahrorovaning aytishicha, u qiz va uning onasi bilan suhbatlashgan. Direktorning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchisi o‘z maktubida yashash joyi bo‘yicha yordam so‘ragan, chunki qiz onasi bilan ijarada yashaydi. Qizning otasi uch oy avval vafot etgan, oila boquvchisiz qolgan.

Shahar ma’muriyati vakilining ma’lum qilishicha, ular Xosiyat bilan suhbatlashgan va uning muammolarini eshitgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oilaga byudjet mablag‘laridan 10 ming somoni (taxminan 1000 dollar) ajratilgan, shuningdek, un, yog‘, shakar va guruchdan iborat oziq-ovqat to‘plami berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston ta’lim muassasalarida 17 avgustdan yangi o‘quv yili boshlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!