Tojikiston Interpol byurosi direktorining Dubayda hashamatli kvartiralari aniqlandi

Tojikiston Interpol byurosi direktorining Dubayda hashamatli kvartiralari aniqlandi

Interpolning Tojikistondagi Milliy markaziy byurosi rahbari Shahriyor Nazriyevning Dubayda kvartiralari borligi aniqladi. Bu haqda Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) surishtiruvida e’lon qilindi.

Nazriyevning Dushanbeda to‘rtta kvartirasi, mamlakat janubida uyi va Dubaydagi elita hududlaridan birida kvartiralari borligi ma’lum bo‘lgan. Tojikistonlik amaldor 2012 yilda Dubayda 49 kvadrat metrlik hashamatli kvartirani 120 ming dollarga sotib olgan. Nazriyev qariyb 30 yildan buyon Tojikiston huquq-tartibot idoralarida ishlab keladi.

“Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, Tojikistondagi o‘rtacha huquq-tartibot xodimi Dubaydan kvartira sotib olishga 120 ming dollar yig‘ish uchun kamida qirq yil uzluksiz ishlashi kerak bo‘ladi. Lekin ko‘rib turganimizdek, Tojikistondagi Interpol direktori oylikdan oylikkacha yashamaydi”, — deyiladi surishtiruvda.

Amaldorning kvartiralari Emirates Garden-1 G-2 manzilida Jumeirah Village Circle’da joylashgan. Bu yerdan dunyoga mashhur Palm Jumeirah sun’iy oroligacha bo‘lgan masofa 14 kilometrni tashkil qiladi.

“Kvartira to‘rt qavatli binoda joylashgan, tomida penthaus bor. Hudud 13 metrli basseyn, sport zali va avtoturargohni o‘z ichiga oladi. Uy yaqinida tennis korti, basketbol maydoni va ko‘ngilochar markazga ega ikkita katta bog‘ joylashgan”, — deb yozadi surishtiruv mualliflari.

Bundan tashqari, Interpol byurosi direktorining Tojikistonda ham boshqa ko‘chmas mulklari topilgan.

“Tojikiston ko‘chmas mulk reestriga ko‘ra, Dushanbe shahridagi to‘rtta xonadon va Xovaling tumanidagi uy Nazriyev Shahriyor nomiga rasmiylashtirilgan”.

Shahriyor Nazriyev shu yil sentyabrda 50 yoshga to‘ladi. Material mualliflari uning tarjimayi holidan ba’zi ma’lumotlarni taqdim etmoqda:

“U huquqni muhofaza qilish organlaridagi xizmatini 1995 yilda boshlagan. Mehnat faoliyatini IIV Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisi va IIV Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha bosh tergovchisi lavozimlarida boshlagan.

Bir muddat bojxona xizmatiga o‘tkazilgan. Ammo keyin yana Ichki ishlar vazirligiga qaytgan. 2021 yil iyul oyida esa u Interpolning Tojikistondagi Milliy markaziy byurosi direktori etib tayinlangan”.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!