Sud majlisida suratga olish, video va audio yozish mumkin

Sud majlisida suratga olish, video va audio yozish mumkin

2021 yil 28 iyulda Prezident tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni ham sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Qonunga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin. Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.

Shuningdek, qonunga muvofiq, O‘zbekistonda sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi. Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega etib belgilandi.

Shu bilan birga, 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkinligi belgilandi. Sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi. Oliy sud sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun 65 yoshni tashkil etadi.

Qonunda sudyalarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy himoyasi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, uy-joyga muhtoj bo‘lgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan ta’minlanadi. Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bog‘liq xarajatlari kompensasiya qilinishi huquqiga ega.

Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinadi. Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.

Ta’kidlash joizki, mazkur qonunda belgilangan tartib-qoidalar sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning sudlar faoliyatiga ishonchini mustahkamlash hamda soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!