Madaniyat vazirligi: Ozodbek Nazarbekovning kiyim do‘koni reklamasi orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmagan

Madaniyat vazirligi: Ozodbek Nazarbekovning kiyim do‘koni reklamasi orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmagan

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.Nazarbekov kiyimlar do‘konini reklama qilganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, O.Nazarbekov “The Voice of Uzbekistan” loyihasi hakamlar hay’ati a’zosi sifatida “KINGSMAN UZBEKISTAN” kiyimlar do‘koniga tashrif buyurib, loyihaning navbatdagi sonini tasvirga olish jarayonida qatnashish uchun loyiha imijmeykerlari bilan birgalikda libos tanlagan.

Libos tanlash jarayonida lavhada aytib o‘tilganidek, O.Nazarbekov milliy brend rivoji uchun o‘zining shaxsiy fikrlarini bildirib, tavsiya berib o‘tgan. Bu orqali mamlakatimizda yaratib berilgan qulay biznes muhiti tufayli faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ygan, xorijnikidan aslo qolishmaydigan sifatli mahsulotlar tayyorlashga intilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan.

Ya’ni, bundan O.Nazarbekovning hech qanday moddiy manfaatdorligi yoki reklama orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmagan.

O.Nazarbekov Madaniyat vaziri, qolaversa, O‘zbekiston xalq artisti va davlat xizmatchisi sifatida O‘zbekiston Respublikasining barcha qonunlarini hurmat qiladi va ularga qat’iy rioya etadi.

“Shu o‘rinda, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikdan holatga xolisona baho berishlarini, jarayonni noo‘rin ayblovlar bilan yoritmasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!