Bugun Toshkentda Harbiy sud binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun Toshkentda Harbiy sud binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun Toshkent shahrining Yunusobod tumanida qad rostlagan O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sud binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy sud raisi B. Islomov, Milliy gvardiya qo‘mondoni R. Djurayev, Mudofaa vazirligi va Harbiy prokuratura vakillari, sudya va advokatlar, sud faxriylari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar sud-huquq tizimini yanada isloh qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligini ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, sud-huquq islohotlari jarayonlarida sudyalar va sud apparati xodimlarining mavqeini, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish, sudlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, Prezident tomonidan sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlarga tashrif buyuruvchi fuqarolar hamda sud prosesslarining barcha ishtirokchilari uchun zamonaviy, har tomonlama qulay sharoitlar yaratish masalalariga e’tibor kuchaytirilishi natijasida sudlarning moddiy-texnika bazasi yaxshilandi.

2021-2025 yillarda markazlashtiriladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturi asosida 2025 yilga qadar 32 ta yangi bino qurish hamda 107 ta binoni rekonstruksiya qilish ishlari nazarda tutilgan.

So‘nggi yillarda ushbu dasturga muvofiq 46 ta yangi sud binosi qurildi, shuningdek 23 ta sud joylashgan 17 ta mavjud ma’muriy binoda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada jami 101 ta sud zamonaviy binolar bilan ta’minlandi.

Harbiy sudning zamonaviy, barcha sharoitlar yaratilgan yangi sud binosi ham Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan katta bunyodkorlik ishlarining bir qismi hisoblanib, bino eng zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalari bilan jihozlandi.

Tadbirda bino qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

So‘ngra tantanali ochilish marosimining ramziy tasmalari kesilib, tashrif buyurgan mehmonlar sud binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!