Er uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash javobgarlikka sabab bo‘ladi

Er uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash javobgarlikka sabab bo‘ladi

Yurtimizda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy foydalanishga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Kadastr agentligi tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida noqonuniy qurilmalar bartaraf etilib, qonunbuzilishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rildi.

Tadbir davomida Navoiy viloyati Karmana tumani hududida 51 ta holatda 2,78 gektar yer maydonida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 19 ta holat bo‘yicha ma’muriy jarima qo‘llanildi. 29 ta holat bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari va qurilish ishlari ixtiyoriy bartaraf etildi. Yer maydonidan maqsadsiz foydalanganlik holatlari bo‘yicha tuman hokimligiga 3 ta taqdimnoma kiritildi.

– Qonunchilikda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, undan xo‘jasizlarcha foydalanganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan, – deydi Kadastr agentligi Karmana tumani bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Hamzayev. – Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda, ulardan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, mansabdor shaxslarga 300 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kadastr agentligi Karmana tuman bo‘limi tomonidan 2024 yilning o‘tgan 5 oyi davomida 124 ta qonun buzilishi holatlari aniqlanib, jismoniy va yuridik shaxslarga yer hamda kadastr nazorati qonunchilik hujjatlarini buzganliklari bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ularning 57 tasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 10-bandiga muvofiq tugatilgan bo‘lsa, 61 ta qonun buzilishi holati bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar 600 million so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortilgan. 8 tasi hozirgi kunda ko‘rib chiqilmoqda.

Er umummilliy boylik. Undan to‘g‘ri va oqilona foydalanish barchamizning burchimizdir. Aks holda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan va undan noqonuniy foydalangan shaxslarga nisbatan qonunchilikka asosan javobgarlik belgilanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!