Davlat boshqaruvida huquqni qo‘llash amaliyoti takomillashtirilmoqda

Davlat boshqaruvida huquqni qo‘llash amaliyoti takomillashtirilmoqda

Sir emaski, barcha davlatlarda adliya organlari davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishga mas’ul organ hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida Adliya vazirligi huquqiy siyosat sohasida vakolatli davlat organidir. So‘nggi yillarda, mamlakatimizda Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda bu orqali mamlakatdagi qonun ustuvorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish yo‘nalishida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Adliya vazirligi tomonidan 2023 yil davomida jami 2 ming 379 ta qonunchilik hujjatlari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ulardan 400 tasi reglament talablariga zid ekani bois qaytarilgan, 2 mingga yaqinini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish yakunlari bo‘yicha 13 mingdan ziyod e’tirozlar bildirilgan.

Tartibga solish ta’sirini baholash yo‘nalishida vazirlik tomonidan 2023 yil davomida 359 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarida 571 ta va 113 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda 11 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan hamda amaldagi qonunchilik hujjatlaridan 220 dan ortiq samarasiz normalar chiqarib tashlangan.

Huquqni qo‘llash monitoringi yo‘nalishida 2023 yil davomida qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha vazirlikka 45 ming 979 ta shikoyat kelib tushgan, vazirlik tomonidan 420 ming 258 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan va tegishli davlat idoralariga 11 ming 959 ta taqdimnomalar kiritilgan.

2024 yilning 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimizning “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Ta’kidlash joizki, ushbu farmonning qabul qilinishi adliya organlari tizimida olib borilayotgan islohotlarning izchilligini ta’minlashga xizmat qiladi. farmonda qonun ustuvorligiga erishishda muhim bo‘lgan adliya organlarining huquqni qo‘llash amaliyoti va tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, farmonning 1 va 2-bandlariga muvofiq, adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini yanada oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish bo‘yicha qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishi va vazifalar belgilandi.

Tartibga solish ta’sirini baholash faoliyatni ilmiy-ekspertlik jihatdan asoslantirish va sohasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida farmonning 11-bandi “b” qismi bilan Adliya vazirligining «Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi» davlat muassasasi negizida Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti tashkil etildi.

Bunda, Adliya vazirligi har yili qonunchilik hujjatlari loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshirilishini ta’minlashi belgilandi. Xususan, vazirlik oldiga 2028 yilga qadar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash ko‘rsatkichini 100 foizga, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash ko‘rsatkichini 50 foizga yetkazish vazifalari qo‘yildi. Bugungi kunda tartibga solish ta’sirini baholash sohasi har bir demokratik davlat huquqiy tizimida muhim o‘rin egallaydi.

Bir so‘z bilan aytganda tartibga solish ta’sirini baholash orqali normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va amaldagi qonunchilik hujjatlaridagi xato-kamchiliklar, huquqiy bo‘shliqlar va ishlamaydigan normalarni aniqlash, ularni bartaraf etish mumkin bo‘ladi.

Bu esa, o‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyoti yaxshilanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Masalan, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Daniya, Norvegiya, Shvesiya, Finlyadniya, Ispaniya, Niderlandiya, Avstriya, Polsha, Xitoy va Janubiy-Sharqiy

Osiyo davlatlarida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholashni amalga oshirish majburiy hisoblanadi.

AQSh va Buyuk Britaniya davlatlarida faqat milliy iqtisodiyot, aholi bandligi va ishlab chiqarish quvvatlari, erkin raqobat va ekologik holat, jamoat xavfsizligi va mudofaa salohiyatiga ta’sir etuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash majburiy hisoblanadi.

Mamlakatimizda huquqni qo‘llash amaliyoti va tartibga solish ta’sirini baholash sohalarini zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda takomillashtirish bilan bog‘liq islohotlar dunyoning rivojlangan va demokratik davlatlari tajribasiga to‘la mos keladi.

Xulosa qilib aytganda, farmonning qabul qilinishi mamlakatimizdagi huquqni qo‘llash amaliyoti yaxshilanishiga va tartibga solish ta’sirini baholash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!