Qonunchilik palatasining sha’ni va obro‘sini shubha ostiga qo‘yuvchi bayonot yoki Alisher Qodirovning chiqishidan muddao ne?

Qonunchilik palatasining sha’ni va obro‘sini shubha ostiga qo‘yuvchi bayonot yoki Alisher Qodirovning chiqishidan muddao ne?

Ma’lumki, bir necha kun oldin siyosiy partiyalar rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev siyosiy partiyalar rahbarlariga bir qator savollarni berib, u O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitovga “Fermerlik to‘g‘risida”gi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarda fermer va dehqon xo‘jaliklarining mazkur Kengashga majburiy a’zoligining belgilanishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga zid ekanligini aytib, bu holatga partiyamiz raisidan o‘z munosabatini bildirishni so‘ragandi.

Birinchi navbatda ushbu savolga shaxsan men deputat sifatida o‘z munosabatimni bildirar ekanman, shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, hozirgi kunda o‘tkazilayotgan saylovoldi debatlarida aksar hollarda, ayniqsa blogerlar savol berishganda, qisqa, lo‘nda “ha” yoki “yo‘q” degan javobni kutishadi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv. Chunki shunday savollar borki, ularga batafsil javob berish, ma’lum bir vaqtni, ya’ni batafsil izohni ham talab etadi.

Aynan, bloger X. Xudoyberdiyev tomonidan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitovga berilgan savolga bir tomonlama qisqacha javob berish imkoniyati yo‘q edi. Shuning uchun A.Xaitov o‘z javobida nafaqat ko‘rsatuv  ishtirokchilariga, balki ushbu ko‘rsatuvni kuzatib borayotgan millionlab vatandoshlarimizga nima sababdan “Fermerlik to‘g‘risida”gi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarda fermer va dehqon xo‘jaliklarining Kengashga majburiy a’zoligining belgilanganligi yuzasidan qonuniy asoslarni obdon tushuntirib berdi va bu masalada lozim bo‘lsa qo‘shimcha ravishda hujjatlarni ham taqdim etishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Lekin ming afsuski, bu mavzu yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari, Spiker o‘rinbosari A.Qodirovdan  “Fermerlik to‘g‘risida”gi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarda fermer va dehqon xo‘jaliklarining Kengashga majburiy a’zoligining belgilanishi O‘zbekiston Konstitusiyasiga zid ekanligi to‘g‘risida bildirilgan fikriga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi.

Vaholanki, mazkur qonun hujjatlariga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlardan  “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining xabari bo‘lgan-ku! Eng qizig‘i, nima sababdan bu masala o‘sha vaqtdayoq ko‘tarilmadi va tegishli munosabat bildirilmadi? Hech bo‘lmasa ushbu masalani “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qonunchilik palatasida birlashgan Demokratik blokda muhokama qilishi mumkin edi-ku!

Bundan tashqari, mazkur partiya raisining bunday chala-chulpa xulosasi Qonunchilik palatasi sha’ni va ishchanlik obro‘siga putur yetkazmaydimi? Yoki yurtdoshlarimiz orasida “Oliy Majlisdek nufuzli palata O‘zbekiston Konstitusiyasiga zid ravishda qonunlarni qabul qilar ekanu, biz nima uchun qonunlarga rioya qilishimiz kerak” degan noto‘g‘ri fikrni shakllantirmaydimi? 

Bu masalada Alisher Keldiyevichga murojaat etib aytmoqchiman: Axir sizning o‘zingiz ham hozirgi kunda parlament muhokamalarida qonunlarni qabul qilish qanchalik murakkab jarayon ekanligini yaxshi bilasiz-ku! Siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari xolisona yondashib, qonun loyihalari bo‘yicha o‘z fikr yoki takliflarini nafaqat fraksiya yig‘ilishlarida, balki Qonunchilik  palatasining yalpi yig‘ilishlarida ham erkin ravishda bildirib kelishayotganidan nahot siz bexabar bo‘lsangiz? Fraksiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat tobora kuchayib borayotganidan nega ko‘z yumayapsiz? Nima, xalqona ibora bilan aytadigan bo‘lsam, shoshganda labbay topilmay qoldimi sizga?

Eng achinarlisi, bu fikr ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari avj pallasiga kirayotgan bir paytda aytilgani g‘alati emasmi? Axir, mamlakat xalqi jiddiy siyosiy sinovdan o‘tish ostonasida turgan bir pallada, bunday asoslanmagan, puch fikrlaringiz hech qanday foyda keltirmasligi aniq.

Mazkur masalani huquqiy tomoniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak,  O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi tomonidan bu masala batafsil yoritib berilganligi uchun ortiqcha izoh berishga hojat yo‘q deb hisoblayman.  

Mazkur kengash o‘zining huquqiy maqomi bo‘yicha nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. Shunday ekan, uning birinchi galdagi vazifasi fermerlarni, dehqon xo‘jaliklarini birlashtirish, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlarida zamonaviy usulda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, sotish, qisqacha aytganda, ularda bozor iqtisodiyoti ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga 2018 yilda yo‘llagan Murojaatnomasidagi quyidagi ibratli so‘zlar keltirmoqchiman: “Agrar sohada eng katta muammomiz bu —fermerlarning qishloq xo‘jaligi sohasida yetarli bilimga ega emasligidir.

Bizga qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini mukammal egallagan, zamonaviy ishlab chiqarish usullaridan xabardor fermerlar suv bilan havodek zarur.

Fermerlar kengashi Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi, Innovasion rivojlanish vazirliklari bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, fermerlarni o‘qitish dasturlarini ishlab chiqishi lozim.

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlardan maqsad – iqtisodiy foyda ko‘rish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash orqali xalq farovonligini oshirishdan iboratdir. Buni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur”.

Aynan shu kabi dolzarb vazifalarni tegishli davlat organlari bilan birgalikda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi ham amaliy ijrosini ta’minlab kelmoqda. Albatta, yana takrorlayman, kengash nodavlat notijorat tashkiloti, shuning uchun ham u a’zolik badali hisobidan o‘z faoliyatini yuritadi va uning hisobiga kelib tushadigan mablag‘lar, aynan kengash Nizomida ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarga sarflanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Konstitusiyasiga zid ravishda qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa, nima sababdan Konstitusiyaviy sud o‘z munosabatini bildirmadi. Bunday masalalarni ko‘rib chiqish ushbu sudning vazifasi bo‘lib, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstitusiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan.

Shuhrat BAFAYEV,

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

deputati, O‘zLiDeP  fraksiyasi a’zosi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!