Qaysi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi?

Qaysi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi?

Jinoyatlar tahliliga nazar tashlansa, ular orasida mastlik holatida sodir etilayotganlari salmoqli o‘rin egallaydi.

To‘g‘ri, mast odam ko‘pincha jinoyatni qasddan emas, o‘zi anglamagan holda sodir etadi. Lekin bunday qilmish baribir jazoga loyiq. Xuddi fuqaroning qonunni bilmay buzishi uni javobgarlikdan ozod etmagani kabi.

Hozirgi kunda mastlik holatida sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bu spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishni odat qilgan, oqibatda jinoyatga qo‘l urishdan toymayotgan shaxslarni balki hushyor torttirar.

Endilikda nafaqat giyohvandlik vositalari, balki ularning analoglari ta’siri ostida jinoyat sodir etgan shaxslar ham javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Bu jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida e’tirof etiladi.

Bunday yangi me’yorlar Jinoyat kodeksi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunga 2018 yil 23 oktyabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan kiritildi.

Jinoyat kodeksining 1863-moddasi yangi tahrirda ifodalandi. Unga ko‘ra, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday jinoyatlarning sanksiya qismlari kuchaytirildi.

Mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslar eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ikkinchi qismi bo‘yicha besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, uchinchi qismi bo‘yicha sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, to‘rtinchi qismi bo‘yicha esa, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Endilikda “Giyohvandlik vositalarining analoglari” deganda, kimyoviy tuzilishi va xossalariga ko‘ra giyohvandlik vositalariga o‘xshash bo‘lgan, ular singari ruhiyatga faol ta’sir etadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar tushuniladi.

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar doirasi yanada kengaytirilishi natijasida kodeks “Telekommunikasiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish”, deb nomlangan 2787-modda bilan to‘ldirildi.

Natijada o‘rnatilgan himoya tizimlarini chetlab o‘tgan holda telekommunikasiya tarmog‘idan foydalanish va xalqaro trafikni o‘tkazish maqsadida telekommunikasiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda foydalanish, shuningdek, mazkur maqsadlar uchun mo‘ljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini qonunga xilof ravishda saqlash va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli residivist tomonidan, xizmat mavqeidan foydalanib, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan taqdirda, eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Alohida ta’kidlash kerakki, yangi qonun bilan Jinoyat-prosessual kodeksga ham bir qator o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, endilikda ish bo‘yicha giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar va ularning turi mavjud bo‘lgan taqdirda ham ekspertiza tayinlash va o‘tkazishning shartligi belgilab qo‘yildi.

Jinoyat kodeksining “Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar” deb nomlangan bobida nazarda tutilgan xususiy mulk huquqini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslar uchun ham javobgarlik yanada kuchaytirildi.

Amalga kiritilgan yangi me’yorlar aholi manfaatini ta’minlash, jamiyatda sog‘lom muhit barqarorligini mustahkamlash, iqtisodiyot tayanchi bo‘lgan tadbirkorlar manfaatlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Zafar Ro‘ziyev,

Ichki ishlar vazirligi bo‘limi boshlig‘i,

yuridik fanlari doktori.

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!