Qarshida zamonaviy televizorlar ishlab chiqarila boshlandi

Qarshida zamonaviy televizorlar ishlab chiqarila boshlandi

“Biss electronics system” MCHJ tomonidan tayyorlana boshlangan plazma ekranli televizorlar aholi ehtiyojlariga mosligi, hamyonbopligi va sifati bilan ajralib turadi.

Prezidentimiz joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida o‘tgan yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida aholining maishiy texnikalar bilan ta’minlanganligi turmush darajasining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri ekanini alohida ta’kidlab, bu borada qilinishi zarur bo‘lgan vazifalar yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi. 

Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 iyuldagi qarori asosida “Biss electronics system” MCHJ tomonidan Qarshi shahrida umumiy qiymati 2 milliard so‘mlik loyiha ro‘yobga chiqarildi. Yiliga 25 ming dona televizor tayyorlash quvvatiga ega bo‘lgan korxonada yangi loyiha hisobiga 40 ga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.  

— Bu yerda yig‘ilgan televizorlarni test sinovlaridan o‘tkazamiz, — deydi sex ishchisi Zuhriddin Zokirov. — Ishlab chiqarish texnologiyasi va test sinovlarini o‘rgandik. Shunday korxonada mehnat qilayotganimdan juda xursandman. Oila a’zolarim ham behad mamnun.  

Ta’kidlash joizki, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida mahsulotlarni tayyorlash, avvalo, ichki bozorni to‘ldirish, qolaversa, dunyo bozoriga chiqishni vazifa qilib olgan “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniya¬si va “Biss electronics system” mas’-uliyati cheklangan jamiyati tomonidan shu kunga qadar 8000 dona televizor ¬ishlab chiqarildi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida yangi korxonamizda zamonaviy televizorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yganimiz, eng avvalo, aholining maishiy texnikaga bo‘lgan ¬ehtiyojini qoplashga xizmat qiladi, — deydi korxona rahbari Sardor Gaybullayev. — Mahsulotlarimizga hozirdanoq talab ko‘paymoqda. Korxona to‘la quvvat bilan ishlay boshlagach, ¬mahsulotning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi. Kelgusida ishlab chiqarishni yanada kengaytirish niyatimiz ham bor. Kondisioner tayyorlash loyihasi shular jumlasidandir. 

Xorijning zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlangan ushbu korxonada ayni paytda loyihaning keyingi ¬bosqichini hayotga tatbiq etish ustida sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Bunda, asosan, import o‘rnini bosuvchi tayyor ¬mahsulotlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish, ichki bozorni yanada arzon va yuqori sifatli maishiy texnika vositalari bilan to‘ldirish nazarda tutilayotir. 

Manba: xs. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!