Polshada yangi O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus jurnal chop etildi

Polshada yangi O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus jurnal chop etildi

Varshavada O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston: biznes-faoliyat markazi, noyob madaniyat va jahon turizmi» nomli maxsus jurnal chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

80 sahifadan iborat mazkur nashr O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan «REA» nashriyoti va «Drukarnia Skleniarz» matbaa konsernining texnik ko‘magida dunyo yuzini ko‘rdi. Qayd etish joizki, 2016 yildan buyon har yili O‘zbekiston haqidagi nashr chop etiladi.

Jurnalning kirish qismida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga  Murojaatnomasidan iqtibos keltirilgan, u 2021 yilga mo‘ljallangan davlat harakat dasturi hisoblanadigan mazkur muhim hujjatning mazmun-mohiyatini ochib bergan.

Nashrning birinchi qismida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishining mazmun-mohiyati haqidagi materiallar o‘rin olgan. Nashrdagi 17 ta maxsus bo‘lim iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, bank, moliyaviy va ijtimoiy sohalar, pensiya ta’minoti, kambag‘allikni qisqartirish, sayyohlikni rivojlantirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, inson huquq va erkinliklariga hurmat, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish singari eng muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Ikkinchi qism «Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish» deb nomlangan. Unda davlatning siyosiy tizimi va ijtimoiy tuzilishi, qonun ustuvorligini ta’minlash sohasidagi eng muhim yutuqlar bayon etilgan. 12 bo‘limdan iborat ushbu qismda  taraqqiyotning muhim omili sifatida parlament nazorati, yangi O‘zbekiston saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar, O‘zbekiston Prezidenti saylovi sanasini 2021 yil dekabrdan oktyabr oyiga ko‘chirish sabablari, davlat ma’muriy tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar yangi shakllarining afzalliklari, fuqarolarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda himoya qilishda mahallaning o‘rni, yoshlar siyosatining mohiyati haqidagi atroflicha ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishini ta’minlash, mamlakatni modernizasiyalash va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va mamlakatda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar ham o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan.

Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha islohotlar keng yoritilgan uchinchi qismda esa davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari Kengashining 46-sessiyasidagi nutqi chop etilgan. Shuningdek, ushbu bo‘limda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari ham o‘z aksini topgani barobarida O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligidagi yangi yo‘nalishlar, davlat rahbari tomonidan 2020 yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75 yillik yubiley sessiyasida bildirgan global tashabbuslarning mazmun-mohiyati ham ochib berilgan.

Jurnalda korrupsiya va boshqa salbiy hodisalarga qarshi kurash masalalariga alohida o‘rin ajratilgan. Bu mavzudagi materiallarda yangi O‘zbekistonning eng muhim mohiyati va qonunlarning yetakchi kuchi davlat va jamiyat taraqqiyoti va farovonligining kaliti ekanligi alohida ta’kidlangan.

«Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish» nomli to‘rtinchi bo‘limda O‘zbekistonning iqtisodiy, investisiyaviy, ilmiy va innovasion, transport-kommunikasiya, energetika, bank-moliya, agrosanoat salohiyati batafsil tahlil etilgan. Unda yangi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasidagi asosiy o‘zgarishlar, iqtisodiyotda davlat ishtirokini cheklash va xususiy sektor, bank islohotlari, yangi transport va logistika strategiyasi roli va uning ahamiyatini oshirish muhimligi, xalqaro transport yo‘laklari qurilishida O‘zbekiston ishtiroki, shu jumladan, Markaziy Osiyoda tranzit imkoniyatlardan foydalanish va boshqa muhim mavzular qamrab olingan.

Jurnalning beshinchi bo‘limida ijtimoiy sohani rivojlantirish va «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini muhofaza qilish yili» davlat dasturini amalga oshirish, uzluksiz ta’lim, bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlar huquqlarini mustahkamlash singari muhim mavzular yoritilgan. Xususan, koronavirus pandemiyasi davrida sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish, aholini, jamiyatning zaif qatlamlarini, qariyalarni har tomonlama  ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘la bayon etilgan.

Oltinchi bo‘limda xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, MDH va SHHT bilan hamkorlik, JST va YEOII bilan hamkorlik istiqbollariga alohida o‘rin berilgan bo‘lib, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlanadi.

Maxsus bo‘limlar O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi modeli, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va Afg‘oniston muammosini hal etish borasidagi strategik yondashuvlari, mamlakatning Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta qurish, transport, logistika va energetika tizimlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan.

Jurnalda O‘zbekiston-Polsha hamkorligining siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda rivojlanishi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiga alohida e’tibor qaratilgan.

VII bo‘lim O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatda turizm infratuzilmasini takomillashtirish, asosiy sayyohlik yo‘nalishlari va turlari haqidagi maqolalardan iborat. Ularda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qarshi, Qo‘qon va boshqa shaharlardagi qator sayyohlik maskanlari, shuningdek, ichki va xalqaro turizm infratuzilmasi haqidagi ma’lumot batafsil yoritilgan. O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan sayyohlar qayerlarga borishi, nimalarni bilishi zarurligi bo‘yicha ma’lumotlar ham taqdim etilgan.

Nashrda, shuningdek, o‘zbek oshxonasining turli taomlari haqidagi ma’lumotlar va ularni tayyorlash yo‘riqnomalari ham jurnalxonlarning e’tiboriga havola qilingan.

Jurnal 2 ming adadda chop etildi. Nashr siyosat, jamoatchilik, akademik, biznes, jurnalistika doiralari hamda Polshadagi 400 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida tarqatildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!