Piyoda yurganlarni mukofotlash imi-jimida bekor qilib yuborilganmi?

Piyoda yurganlarni mukofotlash imi-jimida bekor qilib yuborilganmi?

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram kanalida piyoda yurgan fuqarolarni moddiy rag‘batlantiruvchi “Sog‘lom turmush tarzi” loyihasi 2022 yil 6 apreldagi PF-98-sonli Prezident farmoni bilan bekor qilinganligi ma’lum qilindi.

Xabarning qiziq jihati loyihaning bekor qilinganligi haqida 1 yarim oydan buyon Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan izoh berilmaganida.

Joriy yilning 15 yanvar kuni PF-6099-sonli Prezident farmoniga o‘zgarish kiritilib, har kuni 10 ming qadam piyoda yurganlarga 3 ming so‘m berish tizimi to‘xtatilgan, uning o‘rniga yangi tizim – har hafta 100 mln so‘m va mingta velosiped berilishi va’da qilingan. Oradan 3 oy o‘tar o‘tmas, Prezident farmoniga yana o‘zgartirish kiritilib, piyoda yurganlarni rag‘batlantirish tizimi butunlay chiqarib tashlanishi bo‘yicha huquqshunos bir necha savollarni o‘rtaga tashlaydi.

– Faqat meni bir narsaga sira aqlim yetmayapti. Bu tizimni bekor qilishning jo‘yali va asoslangan konkret sababi nima? Bunaqa taklifni ishlab chiqqan va yuqori rahbariyatni ishontira olgan Sportni rivojlantirish vazirligining maqsadi nima bo‘lgan o‘zi?

Shaxsan menda 2 ta variant bor:

Birinchisi, byudjetda pul yetmay qolgan. Ammo bu ishonchsiz variant. Sportga trillionlab pul sarflanayotgan bir paytda piyoda yuradigan aholiga berish uchun yiliga taxminan 100 mlrd so‘m pul topilmasligi uyat.

Ikkinchisi, yangi tashkil etilgan Sportni rivojlantirish vazirligi rahbariyati bunaqa tizim uchun boshini qotirib, o‘zini qiynagisi kelmagan va tinchgina uni butunlay bekor qilib qo‘ya qolishni afzal bilgan. Bu variant birinchisidan ham uyatliroq.

Chunki piyoda yurganlarga pul berish tashabbusi shaxsan Shavkat Mirziyoyevga tegishli edi. Prezident bir necha bor yig‘ilishlarda ushbu tizim boshqa davlatlarda yo‘qligi, tizim o‘zini oqlayotgani, aholini shu orqali piyoda yurishga o‘rgatib, salomatlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga yechim topish mumkinligini ta’kidlagandi.

Kimlarnidir ishlagisi kelmagani uchun, yoki aholiga berishga yiliga qanchadir mablag‘ topilmagani uchun Prezident tashabbusi o‘z-o‘zidan, jamoatchilikka hech bir izoh va tushuntirish bermasdan bekor qilib yuborilaveradimi?

Shahar shunchalik bedarvozami? – deyiladi huquqshunos munosabatida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!