“Ombudsman klubi” a’zolari qanday imkoniyatlarga ega?

“Ombudsman klubi” a’zolari qanday imkoniyatlarga ega?

Joriy yilning 11 iyun kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi va ushbu memorandum doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qoshida “Ombudsman klubi” tashkil etildi.

Uchrashuv davomida yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning nazariy va amaliy tayyorgarligi o‘rtasida o‘zaro aloqani ta’minlash, ularda amaliy ishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish, TDYUU talabalarini Ombudsman faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan ta’limning uzluksizligi va uzviyligi ta’minlash, bilim va iste’dodni rag‘batlantirish hamda yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Ombudsman klubi”ning tashkil etilishi ham bu boradagi muhim qadamlardan sanaladi.

Shu kunning o‘zida talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman institutining vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlari, qiynoqlarga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va “Ombudsman klubi” a’zolarining Vakil faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda murojaatlar bilan ishlashdagi ishtiroki haqida so‘z bordi.

Ombudsman Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Vakil faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, uning vakolatlari kengaytirildi, Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining ta’minlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.

Hozirda Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Kuniga 150-200 ta ba’zida undan ham ko‘p murojaatlar kelib tushadi. Bu bir tomondan xalqning Vakilga nisbatan ishonchini bildirsa, ikkinchi tomondan unga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Shuning uchun, xalq ishonchini oqlash, murojaatlarni hal etishda natijadorlikka erishish hamda qiynoqqa qarshi kurashishda mavjud imkoniyat va resurslarimizdan maksimal darajada foydalanayapmiz. Lekin, malakali yuridik kadrlarga ehtiyojimiz ham ortib bormoqda. Chunki, birgina murojaatni o‘rganib chiqib, davlat idoralariga so‘rov yuborish, axborot so‘rash, Vakil xulosasi yoki taqdimnomasini tayyorlash uchun ma’lum bir vaqt va malaka talab etiladi. Maqsadimiz - hamkorlikda ishlab, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lagan holda Ombudsman institutining yuqori malakaga ega bo‘lajak yuristlarni yetishtirishdir.

Tadbirda ta’kidlanishicha, Ombudsman klubi” a’zolari darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin.

Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ushbu davra suhbati orqali ishtirokchilar Ombudsmanning vakolatlari va unga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi xalqaro va milliy tajriba haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi va yana shu kabi uchrashuvlarni doimiy ravishda o‘tkazish taklifini bildirishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!