Oliy sud navoiyshunos Akrom Malikning shikoyat arizasiga e’tibor qaratmadi

Oliy sud navoiyshunos Akrom Malikning shikoyat arizasiga e’tibor qaratmadi

Xabar qilganimizdek, adabiyotshunos Akrom Malikning advokatlari Respublika Oliy sudiga yosh olimning nohaq ayblangani, tuhmat bilan qamalgani va oqlanishi zarurligi haqidagi shikoyat tartibidagi ariza bilan murojaat qilgan edilar.

Advokatlarning ma’lum qilishicha, Oliy sud mazkur arizaga javob yo‘llagan. Unga ko‘ra, navoiyshunos Akrom Malikka qo‘yilgan ayblovlar dalillar bilan asoslangan va jazo qonuniy ravishda tayinlangan. Advokatlarga ko‘ra, bu javob shikoyat arizasida aks etgan mazmunga mantiqan ham, qonunan ham mos emas.

Chunonchi, shikoyat arizasida Akrom Malikka ayblov asosi hisoblangan dalillar nomaqbul, ya’ni qonuniy bo‘lmaganiga diqqat qaratilgan, suddan navoiyshunosga qonuniy jazo berilgan yo berilmagani so‘ralmagan.

Akrom Malikning advokatlari shikoyat arizasiga qoniqarli javob berilmagani yuzasidan Oliy sud raisi qabuliga kirib, bu masalani shaxsan muhokama qilishlarini aytishmoqda. Shuningdek, Respublika Bosh prokuroridan mazkur noqonuniy jinoiy ish masalasida sudga protest kiritish ham so‘raladi.

Ma’lumot o‘rnida 2019 yil 22 iyul kuni uning qamalganiga uch yil to‘lishini aytib o‘tamiz. Mahkumning iqrori ruhiy bosim va qiynoqlar bilan olingan va u 6 oy davomida mutlaqo tashqi olamdan uzilgan holda saqlangan. Oila a’zolari yollagan advokatlardan voz kechtirilib, boshqa advokat olishga majburlangan. U advokat mahkum qanday ayblov bilan qamalayotganidan ham bexabar bo‘lgan.

Bundan tashqari, yosh olim o‘z taqdiri haqida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq xat yo‘llab, ozod etilishini so‘ragan edi (video). Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek segmentida keng tarqatilgan mazkur maktub ham e’lon qilinganiga ikki oydan oshsa-da, hamon e’tiborsiz qoldirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!