Odam o‘ldirib, 13 yil qidiruvda bo‘lgan andijonlik erkak 19 yilga qamaldi

Odam o‘ldirib, 13 yil qidiruvda bo‘lgan andijonlik erkak 19 yilga qamaldi

Andijon viloyatida qotillik va boshqa jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, 13 yil davomida qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Hamda sud hukmi bilan 19 yil 6 oy muddatda ozodlikdan mahrum qilindi, deya xabar berdi «Daryo» muxbiri Umidjon Mamarasulov.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi sudya katta yordamchisi Komronshoh Rasulovning ma’lumot berishicha, muqaddam uch marotaba sudlangan 60 yoshli Murod Xolmurodov (barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) jinoiy sheriklari bilan belgilangan tartibni buzib, chet elga chiqish va kirish, o‘qotar qurolni kontrabanda qilish yo‘li bilan olib o‘tish, saqlash, javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qotillik, o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik bilan talon-toroj qilish kabi o‘ta og‘ir jinoyatlarini sodir etgan.

Oydinlik kiritilishicha, Murod Xolmurodov 2007 yilning oktyabr oyida Qirg‘izistonning O‘sh shahrida yashovchi Avaz ismli shaxsning uyida avval ham jinoyat sodir etib, sudlangan O‘zbekiston fuqarolari — Sobir, Bobur va Nodirlar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida uchovlon Baliqchi tumani Sheralichek qishlog‘ida yashovchi, tadbirkor Islomning moddiy boyliklarini qo‘lga kiritish maqsadida jinoiy til biriktirgan. Rejani amalga oshirish maqsadida 2007 yilning oktyabr oyi oxirlarida qirg‘izistonlik noma’lum shaxsdan «PM» rusumli pistolet o‘q otar qurolini 1500 dollarga sotib olib, qurolni noqonuniy tarzda kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga olib kirgan.

Murod Xolmurodov 2007 yilning 22 noyabrida sheriklari bilan birgalikda qotillik jinoyatiga tayyorgarlik ko‘rgan va 23 noyabr kuni soat 18:00 da Tico avtomashinasida Sheralichek qishlog‘idagi qabriston oldiga kelib, qabriston orqali Islom ismli fuqaroning yashash xonadoniga bostirib kirgan. Murod Xolmurodov qo‘lidagi pichoqning orqa qismi bilan Islomning turmush o‘rtog‘i Mohiraning bosh sohasiga qasddan urib, uning qo‘l-oyoqlarini arqon va skotch bilan bog‘lagan. Pul so‘raganda buni bajarmagan xonadon egasini esa xotining ko‘z oldida otib o‘ldirgan.

So‘ngra jinoyatchilar xonadonda bo‘lgan seyf va sandiqlarni titkilab, xonadon egalarining 13 million so‘mdan ortiq mol-mulklarini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Shundan so‘ng Murod Xolmurodov jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida Toshkent viloyati orqali Qozog‘istonga o‘tib, bir necha yillar davomida yashirinib yurgan.

2019 yilning oktyabr oyida Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida yashovchi yaqin qarindoshlarini ko‘rish maqsadida takroran chegarani buzib, aylanma yo‘llar orqali noqonuniy yo‘l bilan O‘zbekistonga kirishga uringan va huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqqan sud Murod Xolmurodovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 223-moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish), 246-moddasi (kontrabanda), 248-moddasi (qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) bilan aybdor deb topib, 19 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!