Namanganda o‘ta xavfli residivist 20 yilga "kesildi"

Namanganda o‘ta xavfli residivist 20 yilga "kesildi"

Ma’lumki, farzand tarbiyasida, ayniqsa, o‘g‘il bolani tarbiyalab voyaga yetkazishda otaning o‘rni beqiyos. Negaki erkakka xos qattiqqo‘llik, halollik va boshqa fazilatlar o‘g‘ilga ota tarbiyasi orqali singadi.

Ammo Namangan shahrida yashovchi, ayni paytda 26 yoshli Mansur Madumarov (ism-shariflari o‘zgartirilgan) bolaligidan yolg‘iz onasi qo‘lida, otasiz o‘sgani bois juda bebosh, takasaltang, eng achinarlisi, haromdan hazar qilmaydigan bo‘lib ulg‘aydi. Aksincha, hali voyaga yetmay turib — 16 yoshidayoq jinoyat ko‘chasiga kirmagan va 24 yoshigacha naq 7 marotaba sudlanishga ulgurmagan bo‘lardi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Mansur har gal aynan o‘g‘irlik jinoyati uchun sudning qora kursisiga o‘tirgan. Faqat to‘rtinchi marotabasida o‘g‘irlik bilan birga Jinoyat kodeksining 267-moddasida nazarda tutilgan transport vositasini olib qochish jinoyatiga ham qo‘l urgan. Biroq birinchi marotaba sudlanishida axloq tuzatish ishi jazosi tayinlanib, kodeksning 72-moddasi tartibida 1 yil sinov muddati belgilangani, keyingi gal jazoni o‘tashdan muddatidan avval shartli ravishda ozod qilingani, to‘rtinchi marotaba sudlanishida amnistiya aktiga ko‘ra o‘talmay qolgan 2 yilu 2 oy 23 kun jazosi shu muddatga axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilganiga qaramay, ko‘zi ochilmagan – axloqan tuzalmagan. Yettinchi marotaba esa jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining 2018 yil 6 martdagi hukmiga binoan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida 5 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Lekin Hukumatimiz tomonidan unga nisbatan yana bag‘rikenglik qilinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2019 yil 24 avgustdagi ajrimiga muvofiq o‘talmagan 4 yilu 5 oy 20 kun jazosi ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda shu muddatga axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilgan. Ammo…

Ammo M.Madumarov ozodlikka chiqqanidan so‘ng 4 oy o‘tib, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga qo‘l uradi. Gap shundaki, Mansur axloq tuzatish ishi jazosini o‘tashni boshlagach, shahardagi “Grand Med Medikal Sentr” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga yollanma ishga joylashgandi. Binobarin, 2019 yil 29 dekabr kuni mazkur jamiyat rahbari Ayubxon Tolipovning korxona qo‘yxonasida saqlanayotgan 23 bosh qo‘ylarini o‘g‘irlashni rejalashtiradi. Biroq qo‘ylarni olib chiqib ketishi uchun jamiyat qorovuli – 76 yoshli Rohotali Baxriddinov halal berishi mumkinligi esiga tushadi. “Avval cholni gumdon qilishim kerak” deb o‘yladi u. Shuning uchun soat 12:00larda hech ikkilanmay pichoq bilan qurollanib, keksa va ojiz ahvoldagi, xizmat hamda fuqarolik burchini bajarayotgan R.Baxriddinovga hujum qiladi. Ya’ni, qorovulning yuziga bir necha marotaba qo‘li bilan urib, uni o‘zini himoya qilish imkoniyatidan mahrum etadi. Natijada Rohotali ota emaklagan holda qocha boshlaydi. Shu bois Mansur quvib yetib, uning ko‘krak qafasi, bo‘yni va badanining turli sohalariga 7 marotaba pichoq sanchadi. So‘ngra o‘ta shafqatsizlik bilan jabrlanuvchini qiynoqqa solgan holda sudrab, jamiyat omboriga olib kirib yashirib qo‘yadi. Oqibatda, R.Baxriddinov olgan tan jarohatlari natijasida jon taslim qiladi.

Shundan so‘ng M.Madumarov dalillarni yo‘q qilish maqsadida qon dog‘lari sachragan kiyimlarini shosha-pisha almashtiradi-da, “Spark” rusumli avtomashinasida shaharning Oxunboboyev ko‘chasida joylashgan axlatxonaga borib, ularni bir litr benzin sepib yoqib yuboradi. Keyin soat 15:39larda yana “Grand Med Medikal Sentr” MCHJga qaytib kelib, qo‘yxonadagi 23 bosh, bozor bahosi 34.500.000 so‘mlik qo‘ylarni o‘ziga notanish va sodir etilgan jinoyatdan xabari bo‘lmagan Muhiddin Kimsanovga 19.000.000 so‘mga sotib yuboradi. Xaridorni shubhalantirmaslik uchun esa o‘zini jamiyat rahbari sifatida tanishtiradi.

Buni qarangki, keyingi galda Mansur tanishi G‘olibjon Boymirzayevni aldab, undan ma’lum muddat qorovulxonada o‘tirib turishini iltimos qiladi.

— Hademay, sizni qorovul vazifasiga ishga joylashtirib qo‘yaman. Hozir esa shu yerda o‘tirib, so‘raganlarga o‘zingizni qorovul ekanligingizni aytib tursangiz. Ishchilar ketishgach xabar bersangiz, men eshiklarni yopish uchun kelaman, — deydi u.

U shunday deb qo‘ylarni sotishdan tushgan 19.000.000 so‘mni olib chiqib ketadi. So‘ng shaharning Amir Temur ko‘chasiga borib, 8.636.000 so‘mga “Spark” avtomashinasi uchun ehtiyot qismlari hamda 519.000 so‘miga “Richman” nomli savdo majmuasidan o‘ziga yangi kiyim-kechaklar sotib oladi. Qolgan pullarni bo‘lsa shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Shu o‘rinda bir gap. “Grand Med Medikal Sentr” MCHJ binosida yakka tartibdagi tadbirkor Yusufjon Iminjonov va “Ameliya Smart AR” MCHJ rahbari Marina Kuznesova birgalikda faoliyat yuritishardi. G‘olibjonning hamma ishchi-xizmatchilar ketgani haqidagi xabaridan so‘ng qaytib kelgan Mansur Madumarov YU.Iminjonov va M.Kuznesovaning pullarini o‘g‘irlashga kirishadi. Buning uchun avvaliga ikkala tadbirkorning xonalariga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga tushib qolmaslik maqsadida elektr tokini tarmoqdan uzib qo‘yadi. Keyin Yusufjon akaning xonasiga kirib, temir seyfni buzib ochadi. Pirovardida seyfda turgan 81.500.000 so‘m va 500 AQSh dollari (o‘sha paytda 1 AQSh dollari 9516 so‘mga teng bo‘lgan)ni o‘maradi. Xuddi shunday usulda Marina opaning xonasidagi temir seyfni ham ochib, 2.000.000 so‘m pulini o‘g‘irlab chiqib ketadi.

Lekin “qahramon”imizning jinoiy harakatlari shu bilan yakunlanmaydi. Aniqrog‘i, u “Spark” rusumli avtomashinasida Uchqo‘rg‘on tumaniga qochib borib, tumanning “Qumto‘g‘on” mahallasi Yangiobod ko‘chasidagi 30-uyga o‘g‘irlikka tushadi. Ya’ni xonadon sohibi Ismoil Teshaboyevning bir juft narxi 150.000 so‘mlik erkaklar tuflisi, 150.000 so‘mlik erkaklar jinsi shimi, 60.000 so‘mlik erkaklar bosh kiyimi, 200.000 so‘mlik erkaklar jemperi, 250.000 so‘mlik erkaklar kurtkasi jami 810.000 so‘mlik kiyim-kechaklarini o‘g‘irlaydi. Ammo avtomashinasida Namangan shahriga qaytayotganida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari o‘zining orqasidan tushishganini sezib qoladi. Negaki 2019 yil 30 dekabr kuni Rohotali Baxriddinovning murdasi ombordan topilgach, “Grand Med Medikal Sentr” MCHJ ishchilari IIBga xabar berishgandi. Shu bois Mansur avtomashinasini Uchqo‘rg‘on tumani markazida qoldirib, o‘zi piyoda dala maydonlari orqali Namangan shahriga qaytadi. Biroq 2020 yil 1 yanvar kuni soat 18:30larda shaharning 5-kichik tumani – hozirgi Davlatobod tumani hududida IIB tezkor xodimlari tomonidan ushlanadi. Uchqo‘rg‘onda qarovsiz qoldirilgan avtomashinasidan esa tadbirkor YU.Iminjonovga tegishli 36.000.000 so‘m pul topilib, daliliy ashyo tariqasida olinadi.

Shundan keyin qotil, o‘g‘ri va bosqinchi yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi esa uni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v,g,j,i” bandlari, 164-moddasi 4-qismi “a” bandi, 169-moddasi 3-qismi “a” bandi va 219-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topib, kodeksning 59, 60, 61-moddalari tartibida jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Qolaversa, Mansur Madumarov Jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismi “a” bandiga asosan o‘ta xavfli residivist deb topildi. Shuningdek, sud hukmida Namangan viloyat prokuraturasining depozit hisob raqamiga topshirilgan 49.845.000 so‘m pul mablag‘ini fuqaroviy da’vogar va jabrlanuvchilarga qaytarish, sudlanuvchidan jabrlanuvchi Rohotali Baxriddinovning o‘g‘liga 42.000.000 so‘m moddiy va 10.000.000 so‘m ma’naviy zarar, jabrlanuvchi YU.Iminjonovga 44.413.000 so‘m, fuqaroviy da’vogar M.Kimsanovga 19.000.000 so‘m moddiy zarar undirish ham belgilandi.

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik. Ota tarbiyasini ko‘rmagan noqobil farzand navqiron 26 yoshida sakkizinchi marotaba sudlanib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo muddatini o‘tab chiqqanda esa u 46 yoshda bo‘ladi. Ayni paytgacha uylanib, oila qurmagan jinoyatchiga yana 20 yildan keyin kim turmushga chiqadi?

Bundan tashqari, voyaga yetmay turib jinoyatchiga aylangan yigitning taqdiriga va yurish-turishiga mahalla oqsoqoli, faollari hamda hudud profilaktika inspektorining loqaydlik bilan qaragani, u bilan do‘stona muloqotga kirishib, yetarlicha chora-tadbirlar belgilanmagani tufayli 8 yil mobaynida 7 marotaba sudlangani har qanday kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Ya’ni, yolg‘iz ona yolg‘iz o‘g‘lini to‘g‘ri yo‘lga sololmagan ekan, bu muammoni jamoatchilik aralashuvi bilan hal qilish mumkin edi-ku. Mana oqibati — birgina mas’uliyatsizlik va loqaydlik nafaqat onaizorga cheksiz azob-uqubat yetkazdi, balki mahalla sha’niga ham o‘chmas dog‘ tushirdi. Bu holat esa barcha ota-onalar va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullariga saboq bo‘ladi, degan umiddamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!