Mavlid qaysi mamlakatlarda qanday nishonlanadi?

Mavlid qaysi mamlakatlarda qanday nishonlanadi?

Dunyodagi barcha musulmonlar uchun eng aziz bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan oylarida Mavlid tadbirlarini katta xursandchilik bilan o‘tkazish eng yaxshi odatga aylangan. Asrlar osha davom etib kelayotgan ushbu odat dunyoning turli qit’alarida yashaydigan xalqlar orasida turlicha o‘tkaziladi.

Mazkur maqolada biz bir qancha mamlakatlarda Mavlid o‘tkazishning tartib-qoidlari haqida fikr yuritamiz.

Pokistonda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan Mavlid oyiga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Rabiul avval oyi kirishi bilan masjidlar, bozorlar, jamoat joylari, ko‘chalar va mahallar yorqin chiroqlar va bayroqlar bilan bezatiladi. O‘quv dargohlarida esa katta-katta tadbirlar tashkil etilib, unda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni madh etuvchi na’t, she’r va qasidalar o‘qiladi.

Turkiyaning Shimoliy Kipr musulmonlari Mavlid oyi kirishi bilan Larnaka port shahridagi Xola Sulton Takka masjidiga boradilar. Bu Islom dunyosidagi mashhur masjidlardan hisoblanadi.

Liviya aholisi esa mamlakatdagi beqaror vaziyat bo‘lishiga qaramay Mavlid oyini bayramona kayfiyatda o‘tkazadilar. Bolalarga bayram munosbati bilan hadyalar beriladi. Ko‘chalarda do‘mbiralar ovozi yangraydi. Uylarda bayram dasturxoni tuzaladi.

JAR da istiqomat qiladigan musulmonlar jamoasi bu oyda Rempis-snay tadbirini o‘tkazadilar. Rempis malaycha so‘z bo‘lib, “kichik qog‘ozli sumka” degan ma’noni bildiradi. Snay esa afrikancha so‘z bo‘lib, “kesish”ni anglatadi. Tadbir davomida musulmonlar bayramona kiyimlar kiyib, limon va apelsin daraxti barglarini kesib olib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salotu salomlar aytishadi. Keyin kesilgan barglarni pushti va limon suviga botirib, kichik paketlarga o‘rab bir-birlariga hadya qilishadi.

Misrda Mavlid alohida bayram sifatida nishonlanadi. Ushbu bayram bilan ko‘plab an’analar bog‘lanib ketgan. Masalan, Mavlid bayrami kunlari Misrda shakar qo‘g‘irchoq yasaladi. Buni mahalliy odatda “Mavlid kelini” deb atashadi. Bu kabi Mavlid bilan bog‘liq yana bir qancha odatlar, aynan shu bayram arafasida nishonlanadi. Misrliklar Mavlid oyida sunnatga muvofiq ko‘proq kambag‘al oilalarga tashrif buyurib, ularning hol-ahvollaridan xabar oladilar, moddiy yordam ko‘rsatadilar.

Turkiya ham Mavlidni nishonlashda Misrdan qolishmaydi. Bu yerda ham bayramni nishonlash uchun kenga qamrovdagi alohida tayyorgarlik ishlari ko‘riladi. Mavlid bayramlarida turklarning ramzi bo‘lmish, tasavvufdagi samo – ilohiy qasidalar va raqs keng namoyish etiladi.   

Falastinda ham Mavlid katta ahamiyat kasb etgan. Bayram kunlari shahar ko‘chalarida bayram yurishlari tashkil etiladi. Bolalarga bayram munosabati bilan turli shirinliklar hadya etiladi.

AQSh musulmonlari ham Mavlidni o‘zgacha nisholaydilar. Ular bayram kunlari masjid va ibodatxonlarda birlashib Pag‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam salotu salomlar, na’tlar o‘qishadi. Keyin kechki bayram dasturxonlari tashkil etiladi.

Eronda ham Mavlid oyi bayramona tarzda nishonlanadi. Bu yerda “Islomiy birlik haftaligi” hafta davomida nishonlanadi. Bu hafta Mavlid sunniylar va shialar tomonidan nishonlanadigan kunlarni o‘z ichiga olgani uchun ham shunday deb nomlangan. Bu kunlarda butun Eron bo‘ylab masjidlarda boshlanadigan har xil diniy tadbirlar madaniy aksiyalar bilan yakun topadi. Bayram munosabati bilan ko‘chalar chiroyli tasvirlar bilan bezatiladi.

O‘zbekistonda ham Mavlid oyi o‘zgacha kutib olinadi. Masjidlarimizda, xonadonlarda Mavlid munosabati bilan Imom Ja’far Barzanjiyning mavlid asarlaridan namunalar ham arab tilida, ham o‘zbek tilida o‘qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salotu salomlar aytiladi. Bayram munosabati bilan yoshu keksa barcha bir-birini tabriklaydi, yaxshi tilaklar ulashadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!