Hojilarning ilk guruhi Namanganga qaytib keldi

Hojilarning ilk guruhi Namanganga qaytib keldi

Bundan bir oy avval muqaddas safarga otlangan Namangan viloyati ziyoratchilari Islom dinidagi beshinchi arkon – Haj ziyoratini yorug‘ yuz bilan, mukammal tarzda ado etdilar.

Prezidentimizning diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratayotgan e’tiboridan bahramand bo‘lgan hojilarimiz ona Vatanimizga ko‘tarinki kayfiyatda qaytishmoqda.

Vodiy havo darvozasi sanalgan Namangan xalqaro aeroportida ziyoratchilarni kutib olish uchun barcha sharoit yaratildi. Saudiya Arabistonining Jidda shahridan parvozga ko‘tarilgan "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining havo kemasi 245 nafar namanganlik ziyoratchini yurtimizga olib keldi.

Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida keng jamoatchilik vakillari, faxriylar va ommaviy axborot vositalari vakillari tantanali kutib oldi.

Namangan tumanidagi Mullakuding qishlog‘ining piru badavlat nuroniysi, ma’rifatparvar alloma Ishoqxon to‘ra Ibrat avlodining davomchilaridan biri – 108 yoshli Ibrohim ota Xo‘jayevning qalb qo‘ridan chiqqan minnatdorlik izhori barchani mamnun etdi.

--Hojilarimiz muborak zaminda Allohning farzi – Haj amalini chiroyli ado etishdi. E’tirof etish joizki, O‘zbekiston Haj ziyoratiga o‘z fuqarolariga yuksak darajada sharoitlarni hozirlash bo‘yicha 300 ta davlat o‘rtasida kuchli beshtalikka kirdi. Haj arkonlarini bajarish uchun yurtimiz mo‘min-musulmonlariga Madinai munavvara va Makkai mukarramada yaratilgan shart-sharoitlarga ko‘plab musulmonlarning havasi keldi,--deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakili, viloyat bosh imomi Musoxon domla Abbosiddinov. – Ayniqsa, davlatimiz rahbarini ziyorat davomida bizdan hol so‘rab, muftiy hazratlariga qo‘ng‘iroq qilganlari ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi.

Ziyoratchilarimiz Makkadan sog‘u salomat qaytishgani va yaqinlari diydoriga yetishgani uchun shukrona keltirish asnosida, elimiz, Yurtboshimiz haqqiga xayrli duolar qilishdi. Endilikda hojilik baxtiga muyassar bo‘lgan hamyurtlarimiz jamiyatda barchaga o‘rnak bo‘lib, yoshlarni ilmu ma’rifatga chaqirish, aholini ezgu ishlarga boshlash, oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish va ehtiyojmand kishilarga yordam ko‘rsatish ishlarida boshchilik qiladilar.

-- Uzoq yillar sanoat va ishlab chiqarish tarmoqlarida mehnat qildim. Nasibamiz qo‘shilib, ayolim bilan birgalikda keksalik chog‘imizda qutlug‘ Haj ziyoratini bajarish nasib etdi,--deydi Namangan shahridagi Madaniy maorif mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Mahmudjon Adashev. – Muazzam manzillarda bizga yaratilgan sharoitlar kutganimizdan-da a’lo darajada bo‘lgani uchun ham muborak amallarni xolis niyatda bekamu kust bajardik. Aslida, hoji bo‘lish oson, lekin shu nomga bir umr sodiq bo‘lib qolish mushkul. Shu ma’noda, Prezidentimizga yo‘llagan murojaatimizdan kelib chiqqan holda o‘z mahallamizda oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajarishga kirishamiz. Mahalladoshlarni ezgulikka ergashtirib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, oilalar mustahkamligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shamiz.

Aeroportdagi kutib olish marosimidan so‘ng hojilarning ilk guruhi maxsus biriktirilgan shinam avtobuslarda yashash hududlari – Namangan shahri, Uychi, Norin, Kosonsoy va Pop tumanlariga kuzatib qo‘yildi.

Ta’kidlash joizki, mustaqillikning ilk davri – 1992 yilda Namangan viloyatidan atigi bir nafar kishi Haj ziyoratiga borgan bo‘lsa, “Haj-2024” dasturi doirasida 1 ming 600dan ziyod fuqaro muqaddas amallarni bajardi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!