Hazrati Hojar cho‘ri bo‘lganmi yoki malika?

Hazrati Hojar cho‘ri bo‘lganmi yoki malika?

Bu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi, Ismoil alayhissalomning onalari Hojar cho‘ri bo‘lganmi yoki malikami? Haqiqat shuki, Hojar onamiz Misr podshohining qizi bo‘lganlar. Podshoh Sora onamizga yomon niyatda qo‘l cho‘zgan edi, birdan hushidan ketib yiqildi va bu hol uch bor takrorlandi. Shundan so‘ng podshoh Sora onamizni naqadar taqvodor va sohibi karomat ayol ekaniga amin bo‘ldi hamda Sora onamizni haybati podshoh qalbini egalladi. Shuning uchun podshoh o‘z qizi Hojarni Sora onamiz xizmatiga berib, xizmatkorlariga: “Uni qayerdan olgan bo‘lsalaring o‘sha joyga qaytaringlar”, dedi.

Ibrohim alayhissalom Sora onamiz va uning xizmatkori Hojarni olib Quddusga qaytdi. Shu tarzda ma’lum bir vaqt o‘tdi. Shu vaqt oraligida Sora onamiz farzand ko‘rmay, o‘zlarini bepusht deb o‘yladilar. Bu vaqtda Hojar onamiz ham balog‘at yoshiga yetib qolgan edilar. Shunda Sora onamiz o‘zlarining xizmatkorlari malika Hojarni nikoh uchun erlari Ibrohim alayhissalomga taqdim qildilar. Ibrohim alayhissalom malika Hojar onamizga uylandilar va u ikkalalaridan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bobolari Ismoil alayhissalom dunyoga keldilar.

Ba’zi odamlar Hojar onamizni cho‘ri bo‘lgan deb o‘ylaydilar. Bunga sabab Buxoriy sharifning besh-olti joyida Misr podshohi Sora onamiz xizmatiga Hojar onamizni berishini turli lafzlar bilan kelishi bo‘lgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 “U (Sora onamiz): “Ey, Allohim! Agar u o‘lsa, u (ayol) o‘ldirdi deyishadi” deb duo qildi. Shunda ikkinchi yoki uchinchisida uni qo‘yib yuborildi va u:

“Menga shaytonni yuboribsizlar. Uni Ibrohimga qaytarib, unga Hojarni beringlar” dedi. U (Sora onamiz) Ibrohim alayhissalomga qaytib:

“Sizga ma’lum bo‘lsinki, Alloh kofirni rasvo qilib, bir qizni menga xizmatchi qildi” dedilar” (Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan boshqa bir rivoyatda Sora onamiz shunday deganlar:

“U (Sora onamiz): “Alloh kofir yoki fojirning makrini gardaniga qaytarib Hojarni xizmatga berdi” dedilar (Buxoriy rivoyati).

Bir shubhani ketkazish

Hadisda valiyda so‘zi kelganligi uchun ba’zilar Hojar roziyallohu anho cho‘ri bo‘lgan deb tushinadilar. Bu to‘g‘ri emas. Chunki valiyda degani yangi tug‘ilgan qizcha deganidir. Uning sahih mafhumi, yosh qizni xizmatga berdi deganidir. U qizaloq katta bo‘lib, balog‘atga yetgach, Sora onamiz o‘zlarini bepusht deb bilib, uni Ibrohim alayhissalom nikohiga taqdim qildilar va Ibrohim alayhissalom uni o‘zlariga nikoh qilib oldilar.

Va yana ba’zilar ikkinchi hadisda ishlatilgan “axdama” so‘zidan Hojar roziyallohu anhoni cho‘ri bo‘lgan deb tushunishadi. O‘zlariga dalil qilib, xizmatchi kim bo‘lishi mumkin, albatta, cho‘ri-da deydilar. Darhaqiqat, Imom Buxoriy ushbu hadisga binoan ixtilofga bir mavzu yasaganlar. Aslida esa, u kishilar tushungan kabi emas, balki hadisda ishlatilgan “axdama” so‘zi Hojar onamizni Sora onamizga mulk qilib emas, xizmatini qilish uchun berdi, degan ma’noni anglatadi.

muslimaat.uz

 

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!