Farg‘onalik harbiy yong‘inda qolgan odamlar hayotini saqlab qoldi

Farg‘onalik harbiy yong‘inda qolgan odamlar hayotini saqlab qoldi

Farg‘ona shahar Qirguli mavzesi “Tabassum” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p qavatli uylardan birida yong‘in kelib chiqadi. Kichik serjant Farhodjon Nabijonov o‘zi shu hududda istiqomat qilgani bois halokatdan tezda xabar topadi va ikki inson hayotini saqlab qolishga erishadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha hududda joylashgan 17-uyning 25-xonadoni o‘t ichida qolgan. Shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi qutqaruv guruhi ham chaqiruv bo‘yicha voqea joyiga yetib kelib, vaziyatni o‘rgana boshlaydi. Ular elektr ta’minotini uzib, o‘z ishlarini boshlaguncha Farhodjon tutunga to‘lgan pod’ezddan yuqoriga ko‘tarilib, uy eshigini buzib, ichkariga kiradi.

Uy ichida chamasi 50-55 yoshlar atrofidagi xonadon sohibi hushsiz yotgan. Farhodjon uy egasini ko‘tarib oladi-da, uni xavfsiz joyga – uy tashqarisiga olib chiqib ketadi.

Shu payt mazkur uyning 5 qavatidan qiz bolaning yig‘isi eshitila boshlaydi. Xavotir va qo‘rquv bilan voqeani kuzatib turgan qo‘ni-qo‘shnilar safiga o‘sha beshinchi qavatda istiqomat qiluvchi ayol ham kelib qo‘shiladi. (U yetti yoshli qizini uyda qoldirib, o‘zi dorixonaga chiqqan ekan). Qizining ovozidan tanib, unga yordam berishlarini iltimos qila boshlaydi. Farhodjon ortiq o‘ylab o‘tirmay, ayoldan uyi kalitini oladida, ikkinchi bor olov domiga ravona bo‘ladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan qizchani ko‘tarib olib tushib, uni onasiga topshiradi.

So‘ngra qutqaruv guruhiga olovni bartaraf etishda yordam beradi. Shu tariqa tilsiz yov so‘ndirilib, qahramonimiz tomonidan insonlar hayoti saqlab qolinadi.

Darhaqiqat, bugun milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan Vatan o‘g‘lonlari nafaqat o‘z kasbiy mahorati, balki chin insoniy fazilatlari bilan ham yurtdoshlarimizga ibrat bo‘layotir. Armiya insonlarni mana shunday oliyjanob bo‘lishga, ulardagi daxldorlik hissining ortib borishiga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!