EXHT Parlament assambleyasi sessiyasida O‘zbekiston parlamenti vakillari ham ishtirok etmoqda

EXHT Parlament assambleyasi sessiyasida O‘zbekiston parlamenti vakillari ham ishtirok etmoqda

Ruminiyaning Buxarest shahrida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Parlament assambleyasi (PA)ning yozgi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etmoqda.

Tadbirda YEXHTning 53 ta ishtirokchi davlatidan 300 dan ortiq parlament a’zolari va hamkorlik bo‘yicha sheriklar qatnashayotir.

Sessiya doirasida Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qo‘mitasi majlisi hamda Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi muammolariga bag‘ishlangan seminar ham o‘tkazildi. Assambleyaning uchta qo‘mitasi yig‘ilishlarida esa ishtirokchi davlatlar tashabbus qilgan rezolyusiya loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.

Sessiyada parlament a’zolari YEXHT PAning Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida ilk bor tashabbus qilingan «Mintaqaviy hamkorlik va parlament muloqotini rivojlantirish orqali Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligining ko‘p qirrali oqibatlarini bartaraf etish» rezolyusiyasini qo‘llab-quvvatladi.

Mazkur rezolyusiya jahon hamjamiyatini mintaqaning ekologik muammolariga jalb etish, Orol ekologik inqirozi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hamkorlikdagi harakatlarni ishlab chiqishda muhimligi ta’kidlandi. Rezolyusiyada O‘zbekiston hukumati tomonidan kelishilgan loyihalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar ijobiy baholandi.

Sessiya kun tartibidan YEXHT makonidagi nizolarni hal etish, ekologiya, inson huquqlarini muhofaza qilish, saylov jarayonini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, qator tashkiliy va kadrlar masalalarini hal etish, jumladan, byudjetni tasdiqlash va tashkilotning mansabdor shaxslarini saylash kabi masalalar o‘rin olgan.

Tadbir doirasida YEXHT PAdagi turkiy tilli davlatlar delegasiyalarining uchrashuvi ham o‘tkazildi. Unda tomonlar Assambleya maydonida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!