Elektr energiyasidan qarzdorliklarni yo‘q qilib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Elektr energiyasidan qarzdorliklarni yo‘q qilib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Piskent tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i U.X. tadbirkor B.ga tegishli kichik ishlab chiqarish korxonasining 106 mln so‘m elektr energiyasidan qarzdorligini yo‘q qilib berish evaziga korxona qorovuli O. orqali 6 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Urgut tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tuman elektr ta’minoti korxonasida bo‘lim rahbari vazifasida ishlovchi S.T. va boshqalar “K.B.” fermer xo‘jaligi rahbari A.N. va “A.Y.” MCHJ rahbari U.X.ning elektr energiyasidan qarzdorligini so‘ndirish uchun 35 mln so‘m va 300 AQSh dollarini qo‘lga kiritishib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganliklari aniqlangan.

Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, SH.Rashidov tuman elektr ta’minoti korxonasi huquqshunosi N.D. fuqaro R.ning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi holati bo‘yicha hisoblangan 6,2 mln so‘m qarzdorlikni yo‘q qilib berish evaziga 1,9 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!