Eldor Aripov: Bugun dunyo birlashishga, o‘zaro kelishuvga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj

Eldor Aripov: Bugun dunyo birlashishga, o‘zaro kelishuvga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj



Joriy yilning 28 iyun kuni Pekinda «Tinch-totuv yashashning besh tamoyili» qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanning ochilish marosimida XXR raisi Si Szinpin nutq so‘zladi.
Asosiy ma’ruzachilar orasida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Tashqi ishlar vaziri Van I hamda bir qator davlatlar sobiq bosh vazirlari, xususan, Yaponiyaning Yukio Hatoyama, Fransiyaning De Vilpen, Janubiy Koreyaning Li Xe Chang va boshqa siyosiy arboblar ishtirok etdi. Jami usbu konferensiyada 100 dan ortiq mamlakatlardan 600 ga yaqin vakillar qatnashdi.
Tinch-totuv yashashning beshta tamoyili 1955 yildagi Bandung konferensiyasi va qo‘shilmaslik harakatining yakuniy hujjatiga asos bo‘ldi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 1) hududiy yaxlitlik va suverenitetni o‘zaro hurmat qilish; 2) hujum qilmaslik; 3) ichki ishlarga aralashmaslik; 4) tenglik va o‘zaro manfaatlilik; 5) tinch-totuv yashash.
Si Szinpin o‘z nutqi davomida 70 yildan so‘ng tinch-totuv yashashning besh tamoyili ulkan yashovchanligini namoyish etganini ta’kidladi. Ular o‘tmishdan qolgan muammolar va xalqaro mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun mutlaqo yangi yechimlar topib, «blok siyosati» va «ta’sir doirasi» haqidagi eskirgan tor g‘oyalardan, qarama-qarshilik va keskinlashtirish tafakkuridan ustun bo‘lganligi qayd etildi.
Si Szinpin bugungi kunda ularni xalqaro hamjamiyatning umumiy boyligi sifatida qadrlash, davom ettirish va rivojlantirish kerakligini ta’kidladi. Boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, o‘z xohish-irodasini boshqa mamlakatlarga tiqishtirishga qarshi turish, bloklar qarama-qarshiligiga va «xos guruhlar»ni yaratishga qarshi turish, shuningdek, boshqa mamlakatlarni tomonlarni tanlashga majbur qilishga yo‘l qo‘ymaslik - «oltin qoida»ga qat’iy rioya qilish hamma uchun ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi.

«Mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash hamda adolatli va teng huquqli xalqaro boshqaruv tizimini birgalikda barpo etish» mavzusidagi sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov ma’ruza qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, afsuski, «Besh tamoyil» qabul qilinganidan 70 yil o‘tgan bo‘lsa ham, dunyo barqaror va adolatli bo‘lgani yo‘q. “Bugungi kunda biz yana bir bor geosiyosiy qarama-qarshiliklarning kuchayib borayotganiga, yangi ziddiyatlar paydo bo‘lishiga, ishonch darajasining pasayishiga, bloklar tafakkuridagi stereotiplarning qayta tiklanishiga, savdo-sotiq va sanksiya urushlarining kuchayishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shubhasiz, bunday sharoitda «besh tamoyil» ning chuqur ahamiyati nafaqat o‘z dolzarbligini saqlab qoladi, balki sezilarli darajada oshadi", dedi SMTI vakili.
Eldor Aripovning aytishicha, mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha tezkor va qat’iy choralar ko‘rish zarurligini anglagan O‘zbekiston Prezidenti 2016 yilda ham davlat tashqi siyosatini tinch-totuv yashash konsepsiyasiga asoslagan edi. U O‘zbekiston mintaqaviy siyosatda «muhim masalalardan qochmaslik, oqilona murosalarni izlash» tamoyiliga qat’iy amal qilishini ta’kidladi.
Natijada chegara masalalarini hal etish, o‘zaro qarama-qarshiliklarni birgalikda bartaraf etishda misli ko‘rilmagan natijalarga erishildi.
Barcha davlat rahbarlarining donoligi va siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyo bugun tobora mustahkamlanib, barqaror mintaqaga aylanib bormoqda. Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlarining mintaqaviy o‘ziga xosligini tobora ko‘proq anglab, umumiy tinch va farovon kelajak qurishga intilmoqda.
Shu asnoda Eldor Aripov Xitoy Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. Davlat rahbarlari darajasida Xitoy-Markaziy Osiyo formati samarali rivojlanmoqda. Transport aloqasi, savdo va sarmoyaviy hamkorlik sohasida ko‘p tomonlama loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xulosa qilib, SMTI direktori bugungi kunda dunyo har qachongidan ham ko‘proq birlashishga, murosaga kelishga va tinch-totuv yashash tamoyillari asosida ishonchni tiklashga muhtojligini ta’kidladi. «Buning uchun mas’uliyat nafaqat qaror qabul qiluvchilar, balki tadqiqotchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda har birimizning zimmamizda», - dedi u.
SMTI direktori dunyo hech qachon bunchalik bo‘lingan va qutblangan bo‘lmaganligini afsus bilan ta’kidladi. Shu o‘rinda global o‘zaro bog‘liqlik XXI asr taraqqiyotining oldindan belgilab beruvchi mantig‘iga aylanganligi aytib o‘tildi. Eldor Aripov bu qiyinchilik emas, balki imkoniyat ekanligini tushunishga chaqirdi. “Umumiy muammolarni hal qilishda konsolidasiya va birlashishgina afsus bilan ta’kidladiki obodlik va farovonlikni kafolatlaydi, – dedi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!