Deputat Rasul Kusherbayev: «Oshirvorgan bo‘lsam uzr, o‘rtoqlar, biroq biz tomorqamizga ekin ekib qo‘yganmiz»

Deputat Rasul Kusherbayev: «Oshirvorgan bo‘lsam uzr, o‘rtoqlar, biroq biz tomorqamizga ekin ekib qo‘yganmiz»

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev tomorqadan oqilona foydalanish, ayniqsa, o‘z holiga tashlanib, samarasiz yotgan tomorqa yer egalariga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish masalasi shu kunlarda alohida muhokama markaziga aylangani yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

«Tan olish kerak: oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash so‘nggi yillarda kun tartibidagi asosiy masalalar qatorida turibdi. Va hali beri tushmasa ham kerak. Aholi tomorqasi esa bunda alohida o‘ringa ega. Shunday emasmi, yo adashdimmi yana «populistlik» qilib? – deb yozadi u. – Qiziq holat: yaqin kunlargacha videoroliklar orqali qishloqlarda hujjatsiz o‘zboshimchalik bilan turar joy qurib yashayotgan aholi yerlari va tomorqalari avvalo oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid sifatida bo‘rttirib ko‘rsatilganiga go‘yo ko‘pchilik laqmadek ishongandi. Biroq aslida bunga ishonish kulguli».

«Haqiqat shundaki, o‘zboshimchami boshqami aholi yerdan tomorqa sifatida foydalanganda, aksincha, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga yordam berishini aytganimda ba’zi mas’ul va olg‘ir «ochko‘chi»larimiz tomonidan «g‘irt populist deputat»ga chiqarilgandim. Endi plastinkani boshqacha aylanishini qarang. «Raz» shunday ekan, shu kungacha yerdan tomorqa sifatida foydalanib, shu yerda yashayotganlarning joyini o‘zboshimcha deb ajratmaylik» – davom etadi deputat.

Rasul Kusherbayevning qayd etishicha, asosiy gap bunda ham emas.

Deputat o‘zi ham ko‘p yillardan buyon tomorqadan foydalanib kelayotgan fuqaro sifatida ba’zi birovlar o‘z tomorqasidan oqilona foydalanmasligi nimalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirib o‘tdi:

Birinchidan, tomorqachiga ekayotgan ekini urug‘ining sifatiga aniq kafolat kerak. Ko‘p hollarda bozorlarda sifatsiz va yozuviga yarasha xosil bermaydigan aynigan urug‘lar sotilmoqda. Oddiy tomorqachi esa har doim ham buni farqlay olmaydi. Demak, buning kafolatini vakolatli organ to‘liq bo‘yniga olishi, kimki uning rasmiy shoxobchasidan olgan aynigan urug‘ natijasida zarar ko‘rsa, zararni qoplab berishi kerak.

Ikkinchidan, tomorqachiga ekkan ekini uchun kerakli mineral o‘g‘it va zararkunandalarga qarshi dorilarni to‘siqsiz sotib olish mumkinligini to‘liq kafolatlash zarur. Afsuski, tomorqachi ko‘p hollarda ekiniga «selitra» degan o‘g‘itni qaysidir fermerdan yashirin yo‘l bilan sotib olishiga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, uning tomorqasiga shu kimyoviy o‘g‘it zarur.

Shuningdek, zararkunandalarga qarshi dorilar ham sifat darajasida emas. So‘nggi yillarda zararkunandalarning ko‘payib ketganligi va ularga qarshi dorilarning foyda bermayotgani sifatli mahsulot yetishtirishda tomorqachilarni qiynamoqda.

Uchinchidan, va eng muhimi: oddiy tomorqachi yetishtirgan mahsulotining o‘zidan ortgan qismini tannarxdan oshib bozorda sota olishi yoki eksport qila olishining kafolati yo‘q.

Bahor oylarida tomorqadan foydalan, deya bong urgan mas’ullar tomorqachi mahsulotini yetishtirib, unga haridor topa olmay, chirib sarson yurgan vaqtida negadir «yo‘q» bo‘lib qolishadi, «holing qalay» deb so‘ramaydi. Bozorda esa tomorqachining o‘zi borib sotishiga kafolatlangan joyning o‘zi yo‘q, bo‘lgani ham nomiga. Kamiga eksportni ham o‘z «ega»lari bor, ulardan ortib oddiy tomorqachi eksport qilolmaydi. Masalan, yangiyo‘llik tomorqachilarning ko‘pchiligi har yili harajat qilib, turli ko‘katlar ekadi-yu, sotib bo‘lgunicha yuragini hovuchlab o‘tiradi: ishqilib chetga yo‘l yopilib qolmasin, eksportchilar olib ketsin, chegaraga insof bersin, pulimizni bersin deb. Bu yil ham shu: yuraklar hovuchda.

To‘rtinchidan, tomorqachi ekin ekib, bola-chaqasi bilan yer tirnab harakat qilsa-yu, biroq kutilmaganda zarar ko‘rsa, uni qo‘llab-quvvatlash, kerak bo‘lsa zarariga sherik bo‘lish tizimi yo‘q. Bunda tomorqachi o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib qolaveradi.

Beshinchidan, ayrim tomorqa egalarining yerlariga suv kelmaydi, sho‘r, toshloq va hokazo tabiiy sharoitlar yo‘q. Buni hal etishni kimdir bo‘yniga olishi kerak, biroq tomorqachi emas.

Endi o‘ylab ko‘ring: shunday ikir-chikir va ba’zilarning ko‘ziga ko‘rinmaydigan muammolar turganda qanchadir tomorqachi tabiiy ravishda «riskka» bormay, hech bo‘lmasa zarar ko‘rmaslik uchun ham tomorqasini o‘z holiga tashlab qo‘yishi mumkinmi? Mumkin. Buning uchun uni jazolash adolatdan bo‘ladimi shunda? Bu yog‘iga endi vijdon o‘rtoqlar...

Oshirvorgan bo‘lsam uzr o‘rtoqlar, biroq biz tomorqamizga ekin ekib qo‘yganmiz, – deb yozadi deputat.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!